Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islom Karimovning namanganlik yoshlarga mehri bo‘lakcha edi
18:51 / 2023-01-30

30 yanvar - O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavallud topgan kun (1938). Mustaqillikka tamal toshini qo‘ygan aziz yo‘lboshchimiz hayot bo‘lganida bugun 85 yoshni qarshi olardi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va qarori bilan Birinchi Prezidentning porloq xotirasi abadiylashtirildi. Respublikamizdagi diqqatga sazovor bo‘lgan ob’ektlar va ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Xususan, Namangan shahridagi asosiy shoh ko‘chalardan biri Birinchi Prezident nomi bilan ataladigan bo‘ldi.  

Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida bunyod etilishi, jahon maydonida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shdi. Ona Vatanimiz rivoji, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod kamoli yo‘lida sadoqat bilan mehnat qildi.

Xalqimizning atoqli va ardoqli farzandi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov namanganlik yoshlarga alohida mehr va e’tibor bilan qarardi. Namangan viloyatiga har galgi tashrifi yosh avlod vakillarining ishtirokisiz o‘tmas edi.

2011 yil, 30 sentyabr. Namangan shahrida zamonaviy qiyofa kasb etgan “Yoshlar markazi” binosi. Islom Karimov o‘zining noyob iqtidori va mahorati, izlanishlari bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan viloyatning faol yoshlari bilan uchrashib, dildan muloqot qildi. O‘sha tarixiy uchrashuvda marhum Prezident nazariga tushgan yoshlar bugungi kunda jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib, Vatanimiz yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

– Bundan o‘n ikki yil avval bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv hayotimizda juda katta burilish yasagan, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Mehrinoz Abbosova. – O‘sha paytda oddiy qishloq qizi, maktab o‘quvchisi edim. Birinchi Prezidentimiz har birimiz bilan dildan muloqot qilgandi. “Manzilga etmaydi mayda qadamlar”, degan satrlar bilan boshlanuvchi she’rimni o‘zbek va ingliz tillarida aytganman. O‘shanda Islom Abdug‘aniyevich menga “Dunyoni so‘zingiz bilan titratadigan shiddatingiz bor ekan. Bu sizni ko‘zingizda, aytib bergan she’ringizda ko‘rinib turibdi”, deya motivatsiya bergandi. Shundan so‘ng Birinchi Prezidentimiz bilan bir necha bor ko‘rishish baxti nasib qilgan, ammo ular yoshlarda katta salohiyat borligini eslatgan, alohida rag‘bat bergan ilk muloqotdagi zavqning o‘rnini to‘ldirolmaydi.

Kuch bilim va tafakkurda. Namangan ahli bunday yuksak salohiyatli o‘g‘il-qizlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Zakovatli yoshlarimiz erishgan salmoqli yutuqlarida Birinchi Prezidentimizning bergan motivatsiyalari alohida o‘rin tutgan. Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekistondagi har bir yoshni mening farzandlarim, deya ardoqlar edi. “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”, degan da’vati har bir o‘zbekistonlik yoshning ongu-shuuriga muhrlanib qolgan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA