“Xiva – 2024 yilda Islom dunyosining turizm shahri” shiori ostida o‘tayotgan Turizm vazirlarining Islom konferetsiyasi 12-sessiyasi asosiy tadbirlari davom etmoqda.
Xalqaro anjuman doirasida “Islom dunyosining muqaddas qadamjolari” mavzusida rangtasvir asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ekspozitsiyadan joy olgan 56 dona noyob rangtasvir asarida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlardagi eng muqaddas qadamjolar – masjid, madrasa, maqbara va ziyoratgohlar aks etgan.

– Vazirligimiz huzuridagi Turizm qo‘mitasi xalqaro bo‘limi tomonidan a’zo davlatlarning 55 ta mashhur ob’ekt tasdiqlandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Rassomlar tasdiqlangan ziyoratgohlarni rangtasvir yo‘nalishida jonlantirdi. Ushbu asarlarni yaratish uchun 1 oy davomida 30 nafar tanlab olingan ijodkor, shuningdek O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zolaridan tashkil topgan mahoratli rangtasvir ustalari tinmay mehnat qildi.
Nafaqat respublikamiz, balki xorijda ham tanilgan Hasan Aminov, Abduqahhor Majidov, Alisher Hamdamov, Abduhakim Karimov, Dilorom Mamedova, Erkin Bozorov kabi ko‘plab iqtidorli ustoz rangtasvir ustasi o‘z ijodiy mahoratini namoyon etgan.
Ekspozitsiya Islom dinining eng muqaddas ziyoratgohi, muslimlarning bosh sajdagohi, Saudiya Arabistoni Makka shahrida joylashgan Alloh uyi – “Al-Masjid Al-Harom” masjidi aks etgan asar bilan boshlanadi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar O‘zbekistonning Shahrisabz shahridagi “Ko‘k gumbaz” masjidi, Qozogistondagi “Ahmad Yassaviy” maqbarasi, Turkmanistondagi “Turkmanboshi Ruhi”, Qirg‘izistondagi Muqaddas “Sulaymon Tog‘”, Falastindagi “Al Aqso”, Bahrayndagi “Buyuk Al-Fotiha” masjidlari kabi ko‘plab muqaddas qadamjolar bilan yaqindan tanishishi mumkin.
Mazkur ko‘rgazma tomoshabin uchun Islom davlatlarining tarixi, madaniy merosi, qadriyati, urf-odati va an’analari haqida muayyan ma’lumot olish imkoniini yaratdi.
O‘zA