English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islom birdamlik o‘yinlarida nechta sportchimiz qatnashadi?
14:41 / 2022-07-24

Joriy yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyada o‘tadigan V Islom birdamlik o‘yinlarida mamlakatimizning necha nafar sportchisi qatnashadi? Ular sportning nechta turida medallar uchun kurash olib boradi?

Sportni rivojlantirish vazirligidan xabar qilishlaricha, mazkur nufuzli kompleks o‘yinlarda yurtimizning 268 nafar sportchilari 24 ta sport turidagi bahslarda qatnashadi. 

Hozirda musobaqani yuqori saviyada tashkil etish borasida Turkiya sport tashkilotlari va tashkiliy qo‘mita tomonidan keng qamrovli ishlar olib bormoqda.

Sportchilarimizning ushbu bahslarda munosib ishtirokini ta’minlash uchun Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.

Bo‘lajak o‘yinlarda yurtimizning gandbol, voleybol hamda 3x3 basketbol bo‘yicha ayollar terma jamoalari ham medallar uchun kurash olib boradi.  

Islom birdamlik o‘yinlari ilk bor 2005 yili Saudiya Arabistonining Makka shahrida o‘tkazilgan. Ba’zi sabablarga ko‘ra, Eronda o‘tishi belgilangan ikkinchi o‘yinlar bekor qilingan. Uchinchi Islom birdamlik o‘yinlari 2013 yili Indoneziyaning Palembang shahrida, nihoyat to‘rtinchi Islom birdamlik o‘yinlari 2017 yili Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan.

Ushbu o‘yinlarni o‘tkazish taklifi ilk bor 1981 yili BAA shahzodasi Faysal bin Fahd bin Abdulaziz tomonidan ilgari surilgan. Islom birdamlik o‘yinlari har 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Mazkur musobaqani o‘tkazish mas’uliyati 57 ta davlat a’zo bo‘lgan Islom birdamlik sport federatsiyasiga yuklatilgan.  

Yurtimiz sportchilari ilk marotaba 2017 yilda Ozarbayjon poytaxti Boku shahri mezbonlik qilgan Islom birdamlik o‘yinlarida ishtirok etib, yakunda umumjamoa hisobida kuchli beshlikdan joy olgandi.

O‘zA