Turkiyaning Konya shahrida o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarining bugungi kuni vakillarimiz uchun samarali bo‘ldi.
Bu haqda keyinroq, hozir kunning eng muhim voqeligi haqida to‘xtalib o‘tsak.
V Islom birdamligi o‘yinlari doirasida bugun Konyadagi “Grand Millenium” mehmonxonasida Islom birdamligi sport federatsiyasining 11-Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo, Afrika va Yevropaning tashkilotga a’zo 56ta mamlakati vakillari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida ISSF prezidenti, Saudiya Arabistoni shahzodasi Abdulaziz bin Turki al-Faysal so‘zga chiqib, Islom birdamligi o‘yinlari musulmon olamida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

–Islom birdamligi o‘yinlari ayni maqsadlar ila 2005 yilda tashkil etilgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli biroz kechikib bo‘lsa ham ushbu musobaqalarni o‘tkazayotganimizdan juda xursandmiz, – dedi ISSF prezidenti.
V Islom birdamligi o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi, Turkiya yoshlar va sport vaziri Mehmet Kasapoglu esa o‘z so‘zida Konyada o‘tkazilgan tayyorgarlik jarayoni haqida gapirib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinlarni o‘tkazish uchun shahrdagi mavjud sport inshootlari qayta ta’mirlanib, qator yangi sport majmualari bunyod etildi. Bir so‘z bilan aytganda, Islom birdamligi o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Bosh assambleya yig‘ilishida 2025 yil Kamerun mezbonligida o‘tadigan VI Islom birdamligi o‘yinlari borasida ham mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Anjumanda O‘zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.
bugungi bahslarga kelsak, Islom birdamligi o‘yinlarining velotrek musobaqalarida terma jamoamizning yetakchi sportchisi Olga Zabelinskaya murabbiylar ishonchini oqladi. Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan ochkolar bo‘yicha poygada Zabelinskaya eng yaxshi natija ko‘rsatdi va terma jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etdi. Yana bir hamyurtimiz Yanina Kuskova esa ushbu yo‘nalishda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Olga Zabelinskaya – O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi
– Musobaqalarning ochilish marosimi oldidan jamoamiz a’zolarining medallarga ega chiqishgani juda yaxshi bo‘ldi. Keyingi ikki yil davomida trek musobaqalarida qatnashmagandim. Shunday bo‘lsa-da bugungi ishtirokimdan ko‘nglim to‘ldi. Oldinda yana bir kun bor va biz yana muvaffaqiyatga erishishimizga ishonaman.

O‘zbekiston terma jamoasi jamg‘armasiga ikkinchi oltin medalni parasuzuvchimiz qo‘shib qo‘ydi. 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha o‘tgan bahslarda terma jamoamiz a’zosi Azizbek Boynazarov eng yaxshi natija qayd etdi. Yana bir hamyurtimiz Sulton Nuriddinov esa ushbu yo‘nalishda marraga uchinchi bo‘lib yetib kelgan holda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Paraatletimiz sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarildi.
Islom birdamligi o‘yinlarining gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi guruh bahslarini Senegal terma jamoasiga qarshi boshlagan hamyurtlarimiz 28:27 hisobida g‘alabaga erishib, dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, stol tennisi bahslarida ham vakillarimiz saralashda ishtirok etdi va medallar uchun kurashni davom ettirishmoqda.

Uchinchi kun yakuniga ko‘ra, vakillarimiz hisobida 2 tadan oltin, kumush va 3 ta bronza medali mavjud va O‘zbekiston norasmiy umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egallab turibdi.
Otabek ESHMAMATOV,
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi.
O‘zA