Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarining bu galgi musobaqalari mamlakatimiz sportchilari uchun har jihatdan omadli kechmoqda.
Yurtimiz og‘ir atletikachilari, sport kurashchilari, dzyudochilarining kompleks musobaqalarda o‘ziga xos natija qayd etgani e’tiborli bo‘ldi.
Ulardan keyingi o‘rinda qaysi jamoalar, xususan kuni kecha poyoniga yetgan taekvondo WT bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari qanday natija qayd etdi? Umuman, mamlakatimiz taekvondo WT vakillari bundan uch yil muqaddam Turkiyaning Konya shahrida tashkil etilgan V Islom birdamligi o‘yinlaridagi ko‘rsatkichni yangilashga muvaffaq bo‘ldimi?

Aytish lozim, Turkiyada o‘tkazilgan Islom birdamligi o‘yinlarida taekvondochilarimiz 3 ta oltin medal bilan umumjamoada kuchli uchlikni band etgandi. Bu safargi "Ar-riyod-2025" o‘yinlarida esa taekvondochilarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladiki, natijalarimiz son va sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tarilganidan darak bermoqda.

E’tiborli jihati, V Islom birdamligi o‘yinlaridagi sovrinli o‘rinlarni katta sport maydoniga endi kirib kelayotgan yosh sportchilarimiz Marat Mavlonov, Diyorbek To‘xliboyev, Ozoda Sobirjonovalar qo‘lga kiritgani mahoratli taekvondochilarni tayyorlash, saralash va yo‘naltirish ishlari tizimli olib borilayotganini ko‘rsatdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA