Munosabat
Bugun har bir fuqaroning turmush farovonligini ta’minlash, muammolariga yechim izlash, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni sanaladi.
Shu boisdan ham o‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish orqali aholining islohotlarga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirish, birinchi navbatda, qishloq joylarda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan qator muhim va hududiy dasturlar hamda qonun hujjatlari qabul qilindi.
Bunda parlament a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari korpusi, fuqarolar yig‘inlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etgan holda, joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, xalq bilan bevosita muloqotning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘rganishlar olib borilib, natijalari mazkur dasturlar hamda hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘ldi.
Shuningdek, belgilangan barcha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali hayotga tatbiq etish maqsadida 2017 yilning 8 avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun joylarda har bir sektor rahbari o‘ziga biriktirilgan mahallalar kesimida aholining har bir qatlami bilan manzilli ishlashdan tortib, o‘z hududidagi ijtimoiy soha ob’ektlari ahvolini yaxshilashgacha bo‘lgan jarayonda fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Natijada aholida rahbarlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish ko‘nikmasi shakllanmoqda. Ya’ni, fuqaro o‘z oilasi va mahallasida duch kelayotgan muammolarni har bir rahbar oldiga hal etilishi lozim bo‘lgan masala sifatida qo‘ya olyapti.
Bu o‘tgan besh yilda Harakatlar strategiyasi doirasida xalq bilan muloqot qilish tizimining to‘laqonli shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi. Shuningdek, fuqarolar bilan manzilli ishlashda amalga oshirilgan yana bir islohot, bu 2020 yildan joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ning yo‘lga qo‘yilishidir.
Ushbu tizim ham qisqa vaqt ichida o‘z samarasini berdi. Xususan, dunyo mamlakatlari uchun sinov bo‘lgan pandemiya davrida aholini manzilli qo‘llab-quvvatlashda ushbu "daftar"larning o‘rni nihoyatda yuqori bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan manzilli ishlash natijasida ularning bandligi ta’minlanib, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishildi. Buni birgina 2020 yildan boshlab “Ayollar daftari”ga kiritilgan 900 mingga yaqin xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berilgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Albatta, ushbu tizimlarning hayotga samarali tatbiq etilishida mahallaning o‘rni beqiyos. Sababi, yurtimiz mahallalarida o‘ziga xos boshqaruv tizimi yaratilgan. Yurtdoshlarimiz shodon va tashvishli kunlarini aynan mahalla ahli bilan baham ko‘radi.
Shu boisdan, mahalla tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarga mahallaning o‘zidan turib barcha darajadagi davlat xizmatlaridan foydalanish, vazirlik va tashkilot rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish davom etmoqda.
Jumladan, davlat rahbarining 2021 yil dekabr oyida “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan yurtimiz mahallalarida 9 ming 309 nafar hokim yordamchilarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hokim yordamchilari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilashi, xonadonbay ro‘yxat asosida har bir mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlash hamda har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”dan kelib chiqib, aholini, birinchi navbatda, ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil qilish vazifasi belgilab berildi.
O‘tgan vaqt davomida mahallalardagi hokim yordamchilari 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan o‘tkazib, 4 toifaga ajratishdi. Jumladan, o‘rganish yakunlariga ko‘ra, xonadonlarning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 6 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 36 foizi o‘ziga to‘q oilalar ekani aniqlandi. Ushbu tahlillardan kelib chiqqan holda, mahalliy rahbarlar faoliyati manzilli tashkil etilib, minglab fuqarolarning ishga joylashishi, kasb-hunar o‘rganishi ta’minlandi.
Shuningdek, hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Natijada joylarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi. Bu esa mahallaning o‘zida aholi bandligini ta’minlab, uning kafolatlangan daromad manbaini yaratishda muhim bosqich sanaladi.
Ammo, tanganing ikkinchi tomoni bo‘lgani kabi, o‘tgan vaqt davomidagi o‘rganish natijalariga ko‘ra, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori ekanligi aniqlangan. “Qoniqarsiz” deya baholangan mahallalardagi holatni yaxshilash uchun byudjet xarajatlarini optimallashtirish hisobidan joriy yilda yana 800 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Ushbu mahallalarni ixtisoslashuvi bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilib, bu markazlar 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, mamlakatda boshlangan har bir islohotning, avvalo, boshqaruv tizimining eng quyi bo‘g‘ini bo‘lgan mahallada amalga oshirilishi aholining islohotlarga bo‘lgan daxdlorligi oshishiga, bugungi turmush tarzidan mamnun bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Ushbu boshlangan islohotlar Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham tizimli ravishda davom ettirilishi belgilangan.
Jumladan, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish, mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga ham alohida ahamiyat qaratilgan.
Farrux ABDUHAMIDOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA