Munosabat
Demokratik islohotlar jadal suratda olib borilayotgan yurtimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jumladan, mahalla instituti faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqimizda mahalla azaldan tinchlik-totuvlik, insoniylik, mehr-muruvvat, ta’lim va tarbiya maskani hisoblangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, маhalлада tinchlik hukm sursa, yurtimizda ham tinchlik bo‘ladi, mahalla obod etilsa, butun mamlakatimiz taraqqiy etadi.

Mahalla tizimi bugungi kunda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirayotgan jamiyatning muhim instituti bo‘lib namoyon bo‘lmoqda. Bu tuzilma nafaqat ijtimoiy himoya sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashmoqda, balki aholining farovonligi va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda mahalla tizimi 2017 yildan boshlab islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalla tizimi an’anaviy jamiyat tarkibidan zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tmoqda. Xususan, “yettilik” tizimining joriy etilishi, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlarni mahalla darajasiga tushirish orqali fuqarolarga manzilli ko‘maklashish imkoniyati kengaytirildi. Bu yondashuv ijtimoiy himoyani kuchaytirish bilan cheklanmay, bandlik va tadbirkorlikni rag‘batlantirish orqali aholi daromadini oshirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur rivojlanishni bir qator bosqichlarga ajratishimiz mumkin. Avvalo, 2017-2021 yillar asosiy islohotlar va infratuzilma rivojlantirish bosqichi bo‘ldi. Bunda mahalla institutlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Mahallaning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari sifatidagi rolini kuchaytirish, hukumat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni yaxshilash, jamoat tartibi va huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
2021-2023 yillar esa mahalla tizimini huquqiy va funksional kengaytirish bosqichi sanaladi. Bunda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi, “mahalla yettiligi” tizimining joriy etildi. Mahallada huquq-tartibot, sog‘liq saqlash, ta’lim, ayollar, yoshlar, ijtimoiy himoya va fuqarolik holati organlari vakillaridan iborat guruh shakllantirildi. Mahallaga 100 dan ortiq xizmat turlari (kreditlar, subsidiyalar, kompensatsiyalar) o‘tkazildi. "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari" kabi dasturlar orqali maqsadli ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
2024-2025 yillar tizim faoliyatini yanada kuchaytirish va modernizatsiya bosqichi hisoblanadi. Bu bosqichda mahalla tizimining moliyaviy va iqtisodiy jihatlari kuchaytirildi. Har bir mahallaga bankir va soliq xodimlari tayinlandi, infratuzilma uchun alohida mablag‘lar ajratildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi joriy etilib, davlat tomonidan aholi takliflari asosida loyihalarini moliyalashtirish mexanizmi ishga tushirildi.
Islohotlar natijasida 2025 yilning o‘zida mahalla tizimidagi islohotlar va “mahallabay” loyihalarni amalga oshirish orqali 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirgani, 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilangani, 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadonga tomorqalarni sug‘orish uchun ilk bor suv yetib borgani fikrimizga yaqqol misol bo‘ladi.
O‘tgan yilning o‘zida 5 million aholimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushishiga erishildi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarilib, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan holi” hududga aylandi.
Ta’kidlash kerakki, mahalla tizimi islohotlarning asosiy va boshlang‘ich bo‘g‘ini sifatida barcha sohalarda muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘inlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hisoblanadi.
Ular davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi, lekin mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolar manfaatlaridan, tarixiy xususiyatlardan, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mustaqil hal qiladi.
Bu o‘ziga xos jihat mahallani boshqa mamlakatlardagi mahalliy boshqaruv modellaridan farq qiladi – u an’anaviy oqsoqollar kengashidan zamonaviy demokratik institutga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilishi, 2026 yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”deb, nom berilishi ham boshqaruvning yangi va zamonaviy modeli sifatida mahallaning muhim institutga aylanib ulgurganini ifodalamoqda.
Kelgusida mahalla tizimi zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning markaziga aylanadi.
Mahallaning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatidagi rolini kuchaytirish uchun tizim rahbarlari va faollarni malakasini oshirish, jamoatchilik nazoratini raqamli platformalar orqali tashkil etishga urg‘u qaratish, tizim faoliyatining shaffofligi va boshqaruv samaradorligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu islohotlar shaffoflikni oshirib, aholi ehtiyojlarini tezroq hal qilishga imkon beradi. Natijada ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga erishiladi. Mahalliy boshqaruvning bunday yangi modelini shakllanishi, O‘zbekistonning umumiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
M.UBAYDULLAEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti
O‘zA