Islohotlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida munosib mehnatni taʼminlash
2019-yilda mehnat resurslari soni 19 milliondan oshgan. Hozir band boʻlgan aholi soni 15 millionni tashkil qilmoqda.
Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekistondagi vakillari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YUNISEF, YUNESKO, diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, shuningdek, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi aʼzolari ishtirok etgan tadbirda taʼkidlanishicha, 2019-yilda mamlakatimizda ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9 foizni tashkil etgan, bu esa 2018-yilga nisbatan 0,3 foiz pasayganligini koʻrsatadi. Ishlash istagidagi boʻlganlarning umumiy soni 1 million 335,3 mingni tashkil etadi, bundan 15 foizi 16-30 yoshdagilar, 12,8 foizi ayollar ulushiga toʻgʻri keladi.
2019-yilda mehnat resurslari soni 19 milliondan oshgan. Hozir band boʻlgan aholi soni 15 millionni tashkil qilmoqda. 2019-yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni 2018-yilga nisbatan 3,7 foizga koʻpayib, 5 million 712 mingni tashkil qildi. Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni (mehnat migrantlari hisobga olinmaganda) 5 milliondan ziyod. Mamlakatimizdagi ishsizlar soni 1 million 300 nafarni tashkil etmoqda. Har yili 600 mingdan ziyod yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻzining 100-yillik faoliyati davomida jahonda ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini taʼminlashga xizmat qilgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni Oʻzbekiston yuksak qadrlashini alohida taʼkidladi.
Mamlakatimiz 1992-yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining toʻla huquqli aʼzosidir. Hozirgi kunga qadar mamlakatimiz XMTning 17 ta konvensiyasi hamda 1 ta konvensiya protokolini ratifikatsiya qilgan.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 19-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilayotganligi haqida alohida taʼkidlab oʻtgandi. Mana shu kundan yurtimizning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.
Birgina 2019-yilda majburiy mehnatga toʻliq barham berish hamda Davlat mehnat inspeksiyasining vakolatlarini kengaytirish maqsadida XMTning 2 ta konvensiyasi, yaʼni “Sanoat va savdodagi mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi hamda “Qishloq xoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
Prezidentimizning ayni yoʻnalishdagi islohotlarning keng koʻlamda amalga oshirilishini taʼminlovchi farmon va qarorlari qabul qilindi. Xususan, Prezidentning “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Unga koʻra, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olgʻa surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi va uning tarkibida majburiy mehnatga qarshi kurashish kichik komissiyasi ham tashkil etildi.
Anjumanda xalqaro ekspertlar tomonidan bugungi kunda mehnat munosabatlariga daxldor qarashlar eskirgani, jamiyat rivojlanishning yangicha koʻrinish va shakllariga muhtoj ekani qayd etildi.
– Bugun mehnat bozorida kechayotgan yana bir muhim hodisa ishchi kuchi sonining ortib borayotganidir, – deydi Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Xayns Koller. – Hisob-kitoblarga koʻra, 2030-yilga borib rivojlanayotgan davlatlarda ishchi kuchi oʻrtacha 60 foizga oʻsadi. Oʻzbekiston aholisi yildan-yilga koʻpaymoqda. Ishsizlikka barham berish maqsadida mamlakatingizda har yili minglab yangi ish oʻrinlari yaratilayotgani eʼtiborga molik. Bunda islohotlar natijasida iqtisodiy oʻsish surʼatlari kuzatilayotgani muhim oʻrin tutmoqda. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda paxta yetishtirish va terib olishda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga butkul barham berdi.
2018-yilda AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekistonni paxta yetishtirish va terib olishda bolalar mehnatidan foydalanuvchi mamlakatlar roʻyxatidan chiqardi, Xalqaro mehnat tashkilotining dastlabki hisobotida esa majburiy mehnatga qarshi kurashishda Oʻzbekistonda salmoqli yuksalishlar kuzatilgani qayd etildi.
Ekspertlarning soʻzlariga koʻra, paxta yigʻim-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanish masalasiga kelganda, Oʻzbekistonda uzoq muddatli va barqaror echimlarni ishlab chiqish uchun yakka tartibdagi, sektorli yondashuv yetarli emas. Paxta sohasidagi aniq chora-tadbirlar, masalan, monitoring, xabardorlikni oshirish va ish haqini oshirish kabilar majburiy mehnatdan foydalanishni qisqartirishga katta taʼsir koʻrsatgan boʻlsa ham, Oʻzbekiston uchun mehnat bozorining umumiy boshqaruvini kuchaytirish zarur.
Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston munosib mehnat boʻyicha mamlakat dasturini amalga oshirish doirasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Taʼkidlanishicha, ishga muhtoj 1,3 million kishi hamda yoshlar va ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan sharoitda, Oʻzbekiston ish bilan taʼminlashni rivojlantirish siyosatning muhim ustuvor yoʻnalish ekanini tan oldi. Xalqaro mehnat tashkiloti mehnatga oid inklyuziv va innovatsion siyosatni amalga oshirish uchun milliy salohiyatni oshirishga oid yondashuvni mehnat bozorining tez oʻzgarishi sharoitida bandlik xizmatlari va dasturlarini moslashtirish va modernizatsiya qilishni ustuvor yoʻnalish deb biladi.
Asosiy vazifa aholini ish bilan taʼminlash agentliklarining sifatli xizmatlarni taqdim etish va mavjud raqamli texnologiyalardan foydalanish qobiliyatini qoʻllab-quvvatlash va kuchaytirishdan iborat. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, chuqur iqtisodiy islohotlar davrida munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash, ishchilar va ularning oilalarini himoya qilish va aholini ijtimoiy himoya qilish qamrovini kengaytirish uchun ish bilan taʼminlash va ijtimoiy siyosatga kompleks yondashish zarur.
Aholi bandligini taʼminlash, mehnat migratsiyasini tartibga solish, mehnat munosabatlari istiqbollarining fundamental tamoyillari kabi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.