Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi — amaliy natijalarga asos
14:15 / 2026-02-20

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturi barcha yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ustuvor maqsad va vazifalarni o‘zida jamlagan dasturilamal hujjat bo‘ldi. Unda ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Davlat dasturida ko‘zda tutilgan ustuvor maqsadlar, vazifalar mohiyati va ahamiyati haqida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ta’lim muassasalari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i To‘xtasin Arslonov O‘zA muxbiriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berishga qaratilgan muhim strategik hujjat bo‘lib, uning markazida inson qadrini ulug‘lash, ma’naviyatni yuksaltirish, mahallani rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Dasturda mahallaning tashkiliy, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini, insonlar hayotini yaxshilashdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar o‘z aksini topgan. Chunki mahalla — jamiyatning eng quyi, biroq, eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Aholining farovonligi, tinchligi va bandligi, avvalo, mahalladan boshlanadi.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish asosiy vazifalar sifatida belgilangan. Mahalla infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, uning natijasi o‘laroq, Yangi O‘zbekiston qiyofasi yaratilishi, 1 million nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash va 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish kabi rejalar zamirida inson qadri, uning manfaatlari yotganini ko‘rish mumkin.

Davlat dasturida bevosita Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar ham belgilab berilgan. Jumladan, jamiyatimizda sog‘lom tafakkur, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, turli axborot xurujlariga munosib va tezkor javob berish, jadal islohotlar jarayonida uchrayotgan g‘ov va to‘siqlar haqida tahliliy-tanqidiy telemahsulotlar tayyorlash, aholining madaniy va ma’rifiy saviyasini oshirish, O‘zbekistonning qadimiy madaniyati, maftunkor tabiati va turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan teleradiodasturlar, tok-shou tayyorlash vazifasi yuklatilgan.  

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni yuqori pog‘onaga olib chiqish, Markaziy Osiyo va turkiy davlatlarning bitiruvchi sinflar o‘quvchilarini ham buyuk tariximiz bilan keng tanishtirish, ular o‘rtasida o‘zaro do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Vatan tayanchi” harakati a’zolari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasini yangicha formatda, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Markaz tomonidan bir qator vazirlik, tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida yurtimizdagi barcha millat va elatlar vakillarining o‘zaro tengligi, birdamligini, ularning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etuvchi anjuman tashkil etish ham belgilab berildi.  

Xulosa qilib aytganda, 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida barcha yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar kompleks va tizimli ravishda mustahkamlab qo‘yilgan. Har bir tashkilot va idoraning zimmasida mas’uliyatli vazifalar bisyor. Eng muhimi, belgilangan maqsad-vazifalar ijrosini ta’minlashda har birimiz o‘z vazifa va mas’uliyatimizdan kelib chiqib, faol ishtirok etsak, ko‘zlangan samarali natijalarga erishishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. 

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA