Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining O‘rtadara qishlog‘i tumanning olis hududlaridan biri hisoblanib, tog‘lar bag‘rida joylashgan.
Hayot mazmunini faqat va faqat mehnatda deb biladigan, oddiy va samimiy insonlar yashaydigan bu qishloq aholisi har qanday yangilikni katta xursandchilik bilan qabul qiladi.
Bugungi kunda olis va chekka hududlarda ham aholi turmush tarzini farovonlashtirish, kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlikni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohatlar O‘rtadaragada yetib keldi.
Hududda amalga oshirilgan eng muhim loyihalardan biri ichimlik suvi quvuri tortib kelingani bo‘ldi. Boisi uzoq yillardan buyon aholi ichimlik suvi masalasida qiynalib kelardi.
Qishloqda bo‘lib, odamlar bilan suhbatlasharkanmiz, ular so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni alohida e’tirof etib, uzoq yillik muammolaridan biri ichimlik suvi bo‘lganini, garchi tog‘larda buloq va chashmalar ko‘p bo‘lsa-da, undan foydalanish imkonsiz bo‘lib kelganini bildirishdi. Endilikda bu muammo barham topdi.
[gallery-24786]
– Qishlog‘imizda ko‘p vaqtlardan buyon ichimlik suvi muammo bo‘lib kelardi, – deydi shu qishloqlik Abduqodir Tilabov. – Suv kerak bo‘lsa, farzandlarimiz eshaklarda plaklar bilan 5-6 kilometr masofadan buloqlardan tashib kelardi. Televizorda suv keltirilgan mahallalarni ko‘rib qolsak, havas qilardik. Orzularimiz amalga oshdi, bizning qishlog‘imizga ham suv keldi.
Ta’kidlash lozimki, bir-necha bosqichli xatlovlar natijasida O‘rtadara mahallasi og‘ir toifadagi mahallalar ro‘yxatiga kiritildi. Shundan so‘ng mahallani ushbu toifadan chiqarish borasida samarali ishlar amalga oshirila boshladi.
Albatta, qishloqda hali yechilishi zarur bo‘lgan muammolar ko‘p, deydi mahalla mas’ullari. Birinchi navbatda yaqin yillarga qadar tayinli binosi bo‘lmagan mahallaga yangi bino qurib berilganining o‘zi katta o‘zgarishlardan biri. Shuningdek, joriy yilda qishloq yo‘llarini yaxshilash borasida ham muhim ishlar boshlanishini ma’lum qilishdi. Davlat byudjetidan 1 milliard 785 million so‘m mablag‘ ajratilib, 3 kilometrga yaqin yo‘lni asfaltlashtirish, 8 kilometrga shag‘al yotqizish rejalashtirilgan. Mahallada elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida qariyb 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, yangi transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish ishlari bajarilmoqda.
Nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosida qizil toifadagi mahallalar ro‘yxatining yetakchilaridan bo‘lib kelgan O‘rtadara hozir yashil toifaga o‘tish ostonasida turganini mamnunlik bilan qayd etishdi.
– Mahallamizda kambag‘al oilalarning ishsizligini bartaraf etish uchun jiddiy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, – dedi “O‘rtadara” MFY hokim yordamchisi Sherzod Ziyatov. – Asosiy drayverimiz chorvachilik va dehqonchilik. Aholiga chorvachilik, dehqonchilik va tadbirkorlik yo‘nalishlarida faoliyatini yaxshilash uchun 1 milliard 800 million so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 80 dan ortiq xonadonlarimizga subsidiya evaziga tikuv mashinasi, motokultivatorlar, suv nasoslari olib berildi. Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida bosimli quvur ostida 7 kilometr 600 metr masofadan –tog‘lardagi buloqlardan qariyb bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga suv keltirildi. Natijada 385 ta xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, mobil kompaniyalar antennalari o‘rnatilib, aloqa sifati yaxshilandi. Kambag‘al, nochor oilalarga homiylar biriktirilib, chorva mollari, dehqonchilik qilish uchun motokultivatorlar olib berilyapti. Nasib etsa, yil yakuniga qadar barcha yo‘nalishlarda loyihalarimiz yakunlangach, og‘ir toifadan chiqib ketamiz.
Bugun islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu –odamlarning hayotini farovon qilish, ularning bugunidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash. Manzil va makondan qat’i nazar, o‘zgarishlarning keng quloch yoyayotganini esa O‘rtadara mahallasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri