FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari doirasida hududlarni obod va ko‘rkam maskanga aylantirish ishlari olib borilmoqda.
Tumanning 3-sektor hududiga qarashli Yoshlik mahallasida ham bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
Mazkur manzilda tashkil etilgan hasharda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Sh. Aliyev, viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i D. Yoqubova, tuman hokimi D. Qodirov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, tashkilot, korxonalar rahbarlari hamda xizmat qiluvchi tashkilotlar texnika vositalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda mahalla ahli o‘zlari yashab turgan xonadon, ko‘cha va mahalla hududini obodonlashtirish, xonadonlarda sanitariya madaniyatini yuksaltirishda faollik ko‘rsatdi.
[gallery-15602]
Tadbir davomida 1,5 kilometrdan ziyod ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, joylarga 42 ta yangi temir-beton ustun o‘rnatilib, 1,1 kilometr elektr SIP kabellar tortildi, 1 kilometr uzunlikdagi ariqlar tozalandi.
30 dan ortiq texnika, 100 nafarga yaqin hasharchi jalb etilgan tadbirda qisqa vaqt ichida daraxtlarga shakl berish, oqlash, obodonlashtirish ishlari bajarildi. Natijada ko‘chalar yangicha qiyofa kasb etib, aholining kayfiyati chog‘ bo‘ldi.
Tadbir doirasida viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i D. Yoqubova mahalla faollari hamda mahalla patronajlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, mahalladagi xotin-qizlar muammolarini o‘rgandi, muammoli masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA