Hayot shiddat bilan rivojlanar ekan barchamizdan izlanishni, intilishni talab etaveradi. Zero, bugun mamlakatimiz hayotining barcha sohasi qatori kasaba uyushmalarida ham yangi davr boshlandi. Bu davr fidoyilik va samarali mehnat qilish orqali ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashni, munosib mehnat sharoitlarini yaratishni, ularni hayotdan rozi qilishni talab etmoqda.
Shu bois, kasaba uyushma tizimida ham soha xodimlarini doimiy ravishda o‘qitib borish va ularning malaka oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Malaka oshirish kurslarining galdagisi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tuman-shahar Kengashlari va bir guruh boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raislari ishtirokida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi Andijon viloyatida joylashgan «Xonabod» sihatgohida tashkil etildi.
Interaktiv usullar va kreativ g‘oya, qizg‘in debatlar asosida o‘tgan jarayonlarda ishtirokchilar ham faol qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini, tajriba va takliflarini o‘rtoqlashdi.
O‘quvlar davomida «Zakovat» intellektual o‘yini ham o‘tkazilib, soha xodimlarining bilimlari va mantiqiy fikrlash doirasi sinovdan o‘tkazildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shohsulton To‘xtamatov.