Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Islohotlar xalq uchun” targ‘ibot markazi ish boshladi
12:07 / 2021-08-06

bugungi kunda jamiyatda inson faoliyatining keng tarqalgan sohalaridan biri bu – ta’lim hisoblanadi.

So‘nggi yillarda ta’limning ijtimoiy roli ortib, dunyoning aksariyat davlatlarida ta’limning barcha turlariga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Ta’limga ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning bosh, yetakchi omili sifatida qaralmoqda. Bunday e’tiborning sababi zamonaviy jamiyatning eng muhim qadriyati va asosiy kapitali – bu yangi bilimlarni izlash, egallash va ekstremal vaziyatlarda nostandart qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan inson hisoblanadi. Shunday ekan, hozirgi davrda ta’lim shaxs va jamiyatni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Global o‘zgarishlar davrida ta’lim-tarbiyaga ehtiyoj ortib bormoqda. Chunki hayotning o‘zgarish sur’atlari tezlashdi. Bu bir tomondan turli xalqlar hayotiy sohalarida imkoniyat doirasida umumiy jihatlarni, qulayliklarni yaratib bersa, ikkinchi tomondan axborot makoni kengayishi insoniyat oldiga boshqa muammolarni qo‘ymoqda. Ya’ni turli maqsad va manfaatlarga yo‘naltirilgan har xil g‘oya, qarashlar, uni targ‘ib qilish texnologiyalari ijtimoiy ong va tafakkuriga ta’sir ko‘rsatish maqsadida jozibadorligini oshirgan holda samaradorlikka erishish uchun harakat qilishni taqozo etmoqda. Bu jamiyatdagi muhim o‘zgarishlar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talabiga mos keladigan Oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

Aynan yuqoridagi talablardan kelib chiqib yangi O‘zbekiston sharoitida Oliy ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda Uchinchi Renessans g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani O‘zbekistonda kelajakka juda katta rivojlanish va taraqqiyot strategiyasi rejalashtirilganidan dalolat beradi. Biz, yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bu borada jamiyat islohotlar tashabbuskori, degan yangi g‘oyalar kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Shu yillar dinamikasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, O‘zbekistonning barcha tizimlarini rivojlantirish konsepsiyasi mukammalligini ko‘ramiz.

Prezidentimiz raisligida 2021 yil 16 iyun kuni “Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijadorligi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishining 34-sonli bayoni 35-bandida Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaga yetkazish, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan yolg‘on va qalbaki xabarlarga tezkor munosabat bildirish maqsadida hududlardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida “Islohotlar – xalq uchun” nomli targ‘ibot loyihasini tizimli yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan. Shu munosabat bilan Buxoro davlat universiteti qoshida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadigan “Islohotlar xalq uchun” markazi o‘z faoliyatini boshladi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bugungi globallashuv sharoitida aholi ongiga turlicha manipulyativ ta’sirlardan psixologik himoyalanish hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan yolg‘on va qalbaki xabarlarga tezkor munosabat bildirish, axborot iste’moli madaniyatini ta’minlashdir.

Markazda xizmat ko‘rsatuvchi har bir mutaxassis (universitetning tajribali va professional professor-o‘qituvchilaridan iborat) faoliyati kompetentligi (fidoyilik, axborotlardan xabardorlik, tezkor ma’lumotlar almashinuvidagi ishchanlik, talabalar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik bilan olib boriladigan muloqotda yuqori madaniyat va bilimdonlik va h.k) hisobga olingan holda saralab olindi.

Hozirgi globallashuv va axborot xurujlari sharoitida yoshlar ongini turli yot g‘oya va vatanimizda olib borilayotgan buyuk ishlarni his qilishlaridagi chalg‘ish tendensiyasiga qarshi milliy, mafkuraviy immunitetni shakllantirishning yagona yo‘li ularda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish, shaxsga, davlatga, millatga va jamiyatga qaratilgan turli xildagi tahdidlar haqida mukammal bilimlar bilan qurollantirishdir. Shuning uchun markazda yetuk mutaxassislar tomonidan hozirgi pandemiya sharoitida insoniyat reproduktiv salomatligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi psixologik konsultatsiya, qadriyatlarga asoslangan ta’lim – tarbiya va marifat targ‘iboti xizmatlarini ko‘rsatish ham belgilangan. Shuningdek 2021 yil 24 oktyabrida o‘tkaziladigan muhim siyosiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi masalalarida ham keng jamoatchilik orasida ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy, marifiy, psixologik axborotlar targ‘ibotini olib borishni boshlab yuborgan. Zero, aholiga turli xildagi o‘z milliy axborot manbalarimizga tayanib axborot iste’moliga o‘rgatish ham davlatchilik hamda milliy imidjimizni yaratishimizning kafolatidir. Eng asosiysi ushbu faoliyatni amalga oshirishga har bir professor-o‘qituvchining fidoiylik, vijdonan va yuqori ichki motivatsiya bilan yondashuvi bugungi kunning asosiy mezoni bo‘lishi zarur.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi deb ishonch bildirishlarida har birimizning munosib kasbiy faoliyatimiz hamda fidoiyligimiz bosh omil bo‘lmog‘i zarur.

Obidjon Xamidov

Buxoro davlat universiteti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor