Jizzax viloyatida yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani va press-tur bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurbayev ishtirok etdi.
Matbuot anjumani va press-tur davomida ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport hamda ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi amaliy natijalari yaqqol namoyon bo‘ldi. Tashrif etilgan har bir ob’ektda davlat siyosatining inson manfaatlariga xizmat qilayotgani, eng muhimi, bu ishlar Prezidentimiz 2025 yil dekabr oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosining mantiqiy davomi ekani sezildi.
Dastlab, press-tur ishtirokchilari Jizzax nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya markazi faoliyati bilan tanishishdi. Ushbu muassasada reabilitatsiya xizmatlari qamrovi va sifati oshirilib, ijtimoiy himoya sohasida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng, Jizzax politexnika instituti hududida sanoat hamkorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Sanoat muhandisligi” ilg‘or muhandislik maktabi, kremniy asosidagi quyosh panellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz hamda “Yoshlar texnoparki” faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu yerda kasbiy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, dual ta’lim tizimining ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langan mexanizmi namoyish etildi.
[gallery-27426]
Press-tur davomida ishtirokchilar Yangi O‘zbekiston massivida joylashgan, yaqinda foydalanishga topshirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat bo‘limi hamda "Kurash mahorati maktabi" faoliyati bilan ham tanishdilar. Ushbu maskanlarda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Kunning ikkinchi yarmida press-tur ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston massivida yangi foydalanishga topshirilgan 60-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishib, ta’lim sohasida yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlarga guvoh bo‘lishdi.
Press-tur yakunlariga bag‘ishlangan suhbatda viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi:
— Bugun ko‘rayotgan har bir ob’ekt Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan aniq vazifalar asosida barpo etilmoqda. 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da islohotlar aynan mahallalar kesimida yanada chuqurlashtiriladi. Asosiy maqsad — o‘zgarishlar odamlar hayotida real natija berishidir. Islohotlarning samaradorligi esa ochiqlik, jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik orqali ta’minlanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur matbuot anjumani va press-tur Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli, manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu jarayonlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar bilan uyg‘un holda amalga oshirilib, mahallani rivojlantirish orqali jamiyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari