Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samarasi tuman rivoji va aholi turmushida sezilmoqda
16:32 / 2026-02-06

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, ochiqlik va bozor mexanizmlariga asoslangan yangi iqtisodiy siyosat hududlar rivoji uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Ana shu islohotlarning amaliy natijalari 2025 yilda Boyovut tumanida ham yaqqol namoyon bo‘lib, iqtisodiy o‘sish, aholi bandligi va ijtimoiy farovonlik ko‘rsatkichlarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi.

Davlat rahbarining hududlarni kompleks rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosati natijasida tumanda sanoat sohasi jadal rivojlandi. 2025 yilda sanoat mahsulotlari hajmi 3 trln 543,7 mlrd so‘mni tashkil etib,  224,8 foizga o‘sdi. Bu natija, avvalo, investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyatini kengaytirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali mahalliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati samarasidir.

– Mamlakatimizda investitsiyalarni jalb etish va sanoatni modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar hududlarda o‘z samarasini bermoqda, — deydi tuman hokimining o‘rinbosari Botirbek Usmonov. – Boyovutda ham ana shu yondashuv asosida zamonaviy korxonalar tashkil etildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi va mahalliy iqtisodiyot yanada barqarorlashdi.

Qishloq xo‘jaligida ham tarkibiy islohotlar izchil davom ettirildi. Yer munosabatlarini takomillashtirish, suv resurslarini tejash va ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish orqali sohada samarali natijalar qayd etildi. 2025 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 1 trln 813,3 mlrd so‘mga yetdi, o‘sish sur’ati 104,3 foizni tashkil qildi. Tomchilatib sug‘orish tizimi 167 gektar yerda joriy etildi, 127 gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtirildi. Bu tadbirlar fermerlar va dehqonlar daromadlarini oshirish, qishloq aholisi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumanda infratuzilma sohasida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 288 xonadonga mo‘ljallangan 4 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 4 kilometrlik ichki yo‘llar ta’mirlanib, aholining kundalik harakati uchun qulayliklar yaratildi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 72,8 foizga yetkazilib, aholi turmush sifati yaxshilanib bormoqda.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish, kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari ham ijobiy natija berdi. Xizmatlar hajmi 564,1 mlrd so‘mga yetdi, yangi loyihalar moliyalashtirildi va aholi uchun servis xizmatlari turi kengaydi.

Investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy tendensiyada rivojlandi. 33 mln AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 61 ta loyiha doirasida 2 547 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Eksport hajmi 34,8 mln AQSH dollariga yetkazilib, rejadan yuqori bajarildi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligi va mamlakatimizda eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning hududlarda amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, iqtisodiy islohotlar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Shu bois tumanda ishsizlik 5,6 foizga, kambag‘allik esa 5,2 foizga kamaydi. 18 221 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, 5 974 nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish orqali 1 924 nafar fuqaroning mehnat bozorida raqobatbardoshligi oshirildi.

– Eng asosiysi, Boyovutda amalga oshirilayotgan barcha ishlar aholi turmushini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari. — Shu bois, bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettiriladi. Yangi investitsiya va zamonaviy texnologiya loyihalari amalga oshirilib, hududning iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish va aholining daromadini ko‘paytirish asosiy maqsadimizga aylandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri