Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samarasi: tibbiyot aholiga yaqinlashmoqda
17:47 / 2023-02-07

Tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda. Buni Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin. Ayni paytda viloyatda 250 ta tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

– 2022 yilda viloyatda 2 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1 ta shahar oilaviy poliklinikasi va 122  ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi, – deydi Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Askar Bahronov. – Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari soni 186 tadan 189 taga yetdi. Buning natijasida viloyat aholisiga birlamchi tibbiy xizmat yanada yaqinlashtirildi. Bundan tashqari, 189 ta poliklinikalarda 1022 ta kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. 32 ming  nafar bemor o‘zi yashab turgan hududda, shifoxonaga yotqizilmay davolandi. Bu esa ambulator sharoitda statsionar o‘rnini bosuvchi texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Respublika, viloyat va tuman shifoxonalari hamda ixtisoslashtirilgan markazlar va ularning hududiy filiallarida imtiyozli toifaga mansub 4 ming 930 nafar bemorlar davolandi. Viloyatda 2022 yil davomida 7 ming  nafar bemorda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazildi. Buning natijasida bemorlarning Toshkent shahriga borib operatsiya o‘tkazishlari soni kamaydi. Yuqori darajadagi tibbiy yordam aholiga yaqinlashtirildi. Yana bir e’tiborli jihat 2022 yilda viloyat tarixida birinchi marta 4  nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti bajarildi. Tug‘ma yurak nuqsonli bemor bolalarga ochiq yurakda operatsiyalar, klapan protezlari  va  okklyuder jihozi implantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.  

Viloyatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, ayollar, qariyalar va surunkali bemorlarni davolash, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mammografiya usulining ommalashganligi natijasida 426 nafar ayollarda ko‘krak bezi saratoni kasalligi eng erta bosqichlarda aniqlanib, ulardan 368 nafari statsionar va 58 nafari ambulator sharoitda davolangan. 23 ming  nafar bemorda yurak-qon tomir kasalliklari aniqlanib, ulardan 3,5 ming   nafari statsionar va 19 ming 526  nafari ambulator sharoitda sog‘lomlashtirilgan. Ayollar va chaqaloqlarga yuqori malakali akusher-ginekologik yordamni yanada yaqinlashtirish maqsadida Romitan, Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarida jami 345 shifo o‘rniga mo‘ljallangan tumanlararo perinatal markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Har bir shahar va tumanlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi tarkibida “Ayollar maslahatxonasi”, “Onko-nazorat xonasi”, “Ona va bola klaster xonasi”, “Qizlar ginekologiyasi xonasi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu bo‘linmalarning tashkil etilishi ayollar va yosh qizlar o‘rtasida bachadon bo‘yi va sut bezi raki kasalliklarini erta aniqlash va uning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

[gallery-10474]

Tibbiyot tizimidagi islohotlar hech mubolag‘asiz moddiy texnik bazaning yaxshilanishi, malakali kadrlar safining ortishi va tizimda birlamchi bo‘g‘inning takomillashuvi bilan bevosita bog‘liq. Bu borada ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini takomillashtirish ham doimo e’tiborda. Jumladan, birlamchi tizim muassasalariga 1 million dollar qiymatidagi 70 tadan UZI va EKG uskunalari hamda 342 ta kompyuter jamlanmalari  yetkazib berildi.  

Viloyatning Qorako‘l, Romitan va Vobkent tumanlarida 17 ta o‘ringa mo‘ljallangan gemodializ bo‘limlarining ish boshlashi aholiga juda qulay bo‘ldi. Buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichi bilan kasallangan bemorlarga buyrak o‘rinbosar terapiyasi o‘tkazish imkoniyatlari yanada kengaydi.  

Tez tibbiy yordam maskanlarida 154 ta tez tibbiy yordam brigadalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 136 tasi umumiy, 14 tasi ixtisoslashgan reanimatsion, 4 tasi ixtisoslashgan psixiatrik brigadalar hisoblanadi, ularga 3 660 nafar tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Tom ma’noda bu tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Viloyatning 5 ta olis hududlarida (Romitan tumanidagi “Qizilravot” va “Gazli”, Peshku tumanidagi “Jongeldi”, G‘ijduvon tumanidagi “Og‘itma”, Shofirkon tumanidagi “Churuq” aholi punkti) aholi sonidan qat’iy nazar 5 ta tez tibbiy yordam maskanlari tashkil etildi. Aholiga yuqori sifatli tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mavjud 115 ta “Tez yordam” shoxobchalaridagi 165 ta tez tibbiy yordam avtotransport vositalarining (shundan 18 tasi reanimobillar) 154 tasi GPS-trekerlar bilan ta’minlandi. “Tez tibbiy yordam” tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘ miqdori 8 400 so‘mni tashkil qilmoqda.  

Viloyatda tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish maqsadida xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 590 taga yetkazildi. Ularning 123 tasi statsionar, 467 tasi ambulator tipdagi muassasalardir. Davlat-xususiy sheriklik asosida ish boshlash uchun bitim imzolanib, 15 ta muassasada 2 turdagi xizmat autsorsingga o‘tkazildi.  

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar joriy yilda ham izchil davom etadi. Jumladan, Olot, Peshku, Shofirkon, Buxoro, Vobkent va Qorako‘l tumanlarining olis va chekka hududlarida 122 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil qilish orqali 42  ming nafar aholiga tibbiy xizmat yaqinlashtiriladi. Eng asosiysi, kasalliklarni erta aniqlash, davolash, profilaktikasi bilan bir qatorda sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik hamda to‘g‘ri ovqatlanishni doimiy targ‘ib etiladi. Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni umummilliy harakatga aylantirishga alohida e’tibor qaratiladi.  

Davolash-profilaktika muassasalarining mavjud bo‘sh shtat o‘rinlarini tegishli mutaxassislar bilan to‘ldirish maqsadida Oliy tibbiy ta’lim muassasalarini bitiruvchi kurslaridagi talabalar shartnomalar tuzish orqali ishga jalb qilinadi. Viloyatning barcha tug‘uruq komplekslarida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni audioskrining hamda travmatolog - ortoped ko‘rigidan o‘tkazish usuli yo‘lga qo‘yiladi. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hududlarda davom ettirilib, extiyojmand bemorlarga ambulator va statsionar yordam hududning o‘zida ko‘rsatiladi. Olis va chekka hududlardagi tibbiyot muassasalariga malakali xodimlar jalb etiladi. Tez tibbiy yordam brigadalari 20 ta avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA