Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samarasi: O‘zbekiston avtomobil va transport xaritasiga nazar
10:56 / 2025-07-22

O‘zbekiston transport tizimi so‘nggi yillarda keng ko‘lamli va izchil islohotlar bosqichiga kirib bordi. Yo‘l infratuzilmasining modernizatsiyasi, ekologik jamoat transportiga o‘tish, avtomobillar sonining keskin ortishi, elektromobillar ulushi va xalqaro logistika yo‘nalishlarining faollashuvi – bularning barchasi mamlakat transport tizimining yangi bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning boshida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillar soni 4 million 522,1 mingtani tashkil etdi. Bu so‘nggi yillarda avtotransport vositalariga talab ortganini yaqqol namoyon qiladi. 

Avtotransport vositalarining tarkibi quyidagicha:

Yengil avtomobillar – 4 million 207,6 ming dona;

Yuk avtomobillari – 293,3 ming dona;

Mikroavtobuslar – 7,7 ming dona;

Maxsus texnikalar – 7,4 ming dona;

Avtobuslar – 6,1 ming dona.

Yilning dastlabki uch oyida avtomobillar soni 79,8 mingtaga oshgani avtomobilsozlik, import imkoniyatlari va aholi turmush darajasining ortayotganidan darak beradi. Bu esa o‘z navbatida yo‘l infratuzilmasiga, yoqilg‘i sarf-xarajatlari va ekologik omillarga sezilarli ta’sir o‘tkazadi. 

2025 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 65,2 ming dona elektromobil ro‘yxatga olingan. Bu raqam transport islohotlarining ekologik barqarorlik tamoyillariga asoslanayotganini ko‘rsatadi. 

Hududlar kesimida eng ko‘p elektromobil Toshkent shahrida qayd etilgan – 49 ming 736 dona. Bu poytaxt infratuzilmasining elektromobillar uchun moslashtirilayotganini anglatadi. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati – 4 512 dona, Samarqand – 1 739, Xorazm – 1 415, Farg‘ona – 1 376 viloyatlari turibdi.

Elektromobillar sonining oshishi bilan quvvatlash stansiyalariga ehtiyoj ortmoqda. Shunga monand, mamlakatda elektromobil quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. 

Yirik shaharlar, xususan Toshkentda elektrobuslar soni ortmoqda. Bu esa ekologik muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Avtobuslarda naqd pul qabul qilish bekor qilinganidan keyin 1 yanvardan 10 yanvargacha (2024 yil 1–10 yanvarga nisbatan) avtobuslarda kunlik qayd etilgan yo‘lovchilar oqimi 43,5 foizga – 871 ming kishidan 1,19 million kishiga oshgan, daromad esa 36 foizga o‘sgan – 8,5 milliarddan 11,5 milliard so‘mga. Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil ichida bekatlarda kutish vaqti ikki barobar qisqargan – 22 daqiqadan 10–12 daqiqagacha.

Hozirgi kunda nafaqat poytaxt Toshkentda, balki boshqa shahar va tumanlarda ham zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yo‘lovchilar qulayligi va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini ko‘rsatib beradi. 

Jumladan, Olmaliq shahrining transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasiga muvofiq, “Olmaliq Trans Service” MCHJ tomonidan 26 ta zamonaviy Yutong avtobusi olib kelindi. Ular 5-sonli “5/3-kichik nohiya – Kalmakir boshqarmasi” va 7-sonli “Kalmakir boshqarmasi – Ammofos-Maxam AJ” yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Umumiy reja asosida, shaharda 7 ta yo‘nalishda jami 95 ta avtobus harakatlanishi belgilangan bo‘lib, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

“Humoyun” korxonasi tomonidan Qashqadaryo viloyatiga olib kelingan 20 ta AsiaStar avtobusi “Shahrisabz avtovokzali – Kitob shifoxonasi” yo‘nalishida harakatlana boshladi. Yo‘nalishning umumiy masofasi 15,7 km bo‘lib, avtobuslar kuniga 20 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida transport sohasiga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida navbatdagi muhim qadam tashlandi.

Transport universiteti delegatsiyasi Xitoyning QS reytingida TOP-300 talikka kirgan Tianjin universiteti va Tianjin dengizchilik kolleji bilan “3+1” qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Unga ko‘ra, talabalar 3 yil Toshkentda, 1 yil Tianjinda tahsil oladi. Faol yoshlar Xitoydagi magistraturaga grant asosida o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Hamkorlik doirasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar hamda qo‘shma laboratoriyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur dastur transport ta’limini xalqaro darajaga olib chiqishda muhim bosqich bo‘ladi.

O‘zbekiston avtomobil sanoati va avtomobil bozoridagi islohotlar natijasida 2025 yil boshida yengil avtomobillar birlamchi bozorida barqaror ijobiy o‘sish kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliy hisobotida ma’lumot berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida O‘zbekistonda yangi yengil avtomobillar savdosi 78,6 ming donaga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning dekabriga nisbatan 9,5 foizga yuqori. Hududlar kesimida esa eng katta o‘sish Surxondaryo viloyatida – 27 foiz, Andijonda – 25 foiz va Namanganda – 24 foiz qayd etildi.

Yangi avtomobillar savdosining 18,5 foizga o‘sishiga qaramay, yil yakuniga nisbatan ushbu segmentda 15 foizlik pasayish qayd etilgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi esa yanvar oyida 21,7 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 3,3 ming donaga ko‘pdir.

Xorijdan keltirilgan yangi va foydalanilgan avtomobillar savdosi 21 foizga oshgan bo‘lib, bu 4,9 ming dona avtomobilni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foizlik o‘sishni anglatadi.

Yil boshida elektromobillar savdosida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xususan, yangi elektromobillar bozori 24 foizga o‘sib, 5,5 ming donaga yetgan. Foydalanilgan elektromobillar savdosi esa 3,1 barobar ko‘paygan. Bu esa aholining ekologik transport vositalariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan darak beradi.

Ikkilamchi avtomobil bozori ham faollashmoqda. Yanvar oyida foydalanilgan avtomobillar bozori 52 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 5,4 foizga yuqori. Bu esa avtomobil bozori ishtirokchilari orasida talabning barqaror shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda avtomobil sanoatida olib borilayotgan islohotlar, soliq imtiyozlari va import tartib-taomillarining soddalashtirilishi avtomobil bozorining jonlanishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, elektromobillar segmentida talab ortib borayotgani ushbu sohaning istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda transport tizimi sohasidagi islohotlar nafaqat harakatlanish qulayligini oshirish, balki iqtisodiy samaradorlik, ekologik xavfsizlik va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Avtomobillar sonining oshishi va elektromobillar ulushining ko‘payishi esa islohotlarning aholining ehtiyojlariga javob berayotganidan dalolat.

Dildora DO‘SMATOVA

UzA