Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samarasi: Nurli yo‘l sari shiddatli qadam ta’limu ilm bilandir
14:59 / 2025-07-26

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Ta’lim insonni zulmatdan yorug‘lik sari olib boradigan, aql va qalbni mustahkamlaydigan vosita, haqiqiy boylikdir. Ta’lim-tarbiyasi mustahkam bo‘lgan yurtning hayot yo‘li ravon bo‘lajak.

Yaqinda Qorako‘l akademik litseyiga borganimda, litsey direktori  bu yilgi bitiruvchilarning 95 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lganini, fan olimpiadalaridagi sovrinli o‘rinlar soni yildan-yilga ortib borayotganini faxr bilan tilga oldi va bunday natijalar so‘nggi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlar, yaratilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlar natijasi ekanini e’tirof etdi. 

Darhaqiqat, bugun har bir ta’lim maskanida tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz uchun, oliy ta’lim va undan keyingi bosqichlarda ta’lim olish istagidagi yoshlarimiz uchun imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Shu yil 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”, degan edi Prezidentimiz.

Barchamizga ayonki, so‘nggi yillarda ta’lim, ilm-fan sohalarida misli ko‘rilmagan darajadagi islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish maqsadi qat’iy qo‘yilib, bu yo‘lda iqtidorli, iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarish, ularga keng sharoitlar yaratish, oliy ta’lim olish qamrovini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.

Hayotiy islohotlar eng quyidan – maktabgacha va maktab ta’limi tizimidan boshlanib, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Avvalo, eng yaxshi sarmoya – farzandlar kelajagi uchun yo‘naltirilgan sarmoya, degan aqidaga amal qilingan holda sohani yetarli mablag‘ bilan ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Raqamlarga yuzlansak: ta’limni rivojlantirishga so‘nggi 7 yil davomida mablag‘lar hajmi 3 karra oshirildi va 216 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida erishilayotgan marralar ham ozmuncha emas – 6 ming 376 ta davlat maktablari va 3 ming 600 taga yaqin davlat bog‘cha binolari rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 77 foizga oshdi, nodavlat bog‘chalar soni 8 baravarga ko‘paydi. Xususiy maktablar soni esa 30 tadan 666 taga yetdi va 22 baravarga oshdi. To‘g‘rida, har bir ota-ona farzandini yanada yaxshiroq sharoitda, kengroq imkoniyatlar asosida o‘qitgisi keladi. Shu ma’noda talabga yarasha taklif yaratilib, nodavlat ta’lim muassasalarining faoliyatiga ham keng o‘rin berilmoqda, ularni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilyapti. 

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida 14 ta Prezident, 9 ta ijod, 2 ta sport, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi o‘quv yilidan yana 17 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati faoliyat boshlashini alohida e’tirof etish lozim. Zero, ushbu maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimizning qayd etayotgan natijalari, xalqaro maydonlardagi yutuqlari yanada quvonarli. 

Bugun zamon zayli shundayki, shiddatli davrga tezkorlik bilan moslashmasang, ortda qolasan. Xuddi shunday ta’lim tizimida ham zamon talablaridan kelib chiqqan holda darsliklar va o‘quv dasturlari yangilandi, raqamli ta’lim rivojlandi. Barcha umumta’lim maktablariga internet tarmog‘i infratuzilmasi olib kelinib, o‘quvchilar uchun bilim olish, qo‘shimcha shug‘ullanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shuningdek, STEM fanlari, informatika, chet tillarini o‘qitish kuchaytirildi. Buning uchun xorijiy davlatlardan 500 nafardan ortiq chet tili fani o‘qituvchisi jalb etildi. 

Ushbu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, maktab o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalarida olgan medallari soni 2019 yildagi 29 tadan 2025 yilning dastlabki 6 oyi davomida 170 taga yetdi va qariyb 9 barobarga ko‘paydi. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish o‘rtacha ball ko‘rsatkichi so‘nggi besh yilda 69,8 balldan 78 ballga oshdi. Demak, o‘quvchi yoshlarning bilim darajasi, dunyoqarashi oshyapti, ilm-fanga intilishi yuqorilab bormoqda. 

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab”, “Turon”, “Iqtidor”, “Jadidlar izidan”, “Raqamli avlod” tanlovlari tashkil etilib, g‘oliblar xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuborilayotgani e’tiborga molik. 

Shu o‘rinda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ham hamma qatori teng va keng sharoitlar yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Bu borada o‘tgan davrda952 ta maktabda inklyuziv ta’lim joriy etildi. 

Ta’lim olgan shaxs qalbi va ongi boy, hayoti nurli, ma’naviy kamolotga, yuksaklikka intiluvchi insondir. Bugungi kunda bilim bilan o‘zi va yaqinlarining hayotini yoritishga, jamiyatni rivojlantirishga bel bog‘lagan har bir inson borki, ular uchun barcha imkoniyatlar bisyor. 

Jumladan, so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida mamlakatimiz yoshlarining ta’lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga ustuvor ahamiyat qaratildi. 6 yil mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 202 taga yetkazilgani, ularga qabul 3,5 barobarga ortgani, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 43 foizga oshgani bunga isbot bo‘ladi.

Bugun oliy ta’lim olaman degan yigit-qiz borki, buning uchun imkoniyatlar yetarlicha, xohish, istak, intilish va harakat bo‘lsa, bas. Bir yaqin insonimning farzandini bilaman, bir necha yillar davomida oliy ta’limga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rdi. Afsuski, har yili ozgina ball yetmagani uchun o‘qishga kirolmay, tushkunlikka tushar edi. Keyingi yillarda OTMlar soni ortgani, qabul kvotalari oshirilgani natijasida u bola ham talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu kabi yoshlar qanchadan-qancha edi. Hozirda esa yaratilgan sharoitlar tufayli yoshlarning intilishi, harakati zoye ketmayapti.

Ayniqsa, xotin-qizlaring oliy ta’lim olishiga alohida e’tibor bilan yondashilayotgani tahsinga sazovor. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Qizlarning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi”. Haqiqatan ham bir qizni o‘qitish butun jamiyatni o‘qitish bilan barobar. 

Bu borada respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda qizlar uchun alohida davlat grantlari asosidagi qabul ko‘rsatkichi ajratildi. 2021 yildan esa ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti 2 barobarga oshirildi. Oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Xotin-qizlar asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘lab berishi belgilandi. 

Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontraktini Davlat byudjetidan qoplash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Raqamlarga to‘xtalsak, 2022/2023 o‘quv yilida 14 ming 110 nafar magistrlar uchun 152,9 mlrd. so‘m, 2023/2024 o‘quv yilida 5 ming 991 nafar magistrlar uchun 65,2 mlrd. so‘m, jami Davlat byudjetidan 218,1 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berildi. 

Shu bilan birga, bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan to‘lov-kontrakt pullarini to‘lab berish yo‘lga qo‘yildi. Bu kabi choralar, albatta, xotin-qizlar uchun katta qulaylik, imkoniyat yaratyapti. Natijada oliy ta’limda yildan-yilga talaba-qizlar ulushi ham ortib borayotir. 

Oliy ta’lim muassasalarini zamon talablari darajasida takomillashtirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, OTMlardagi o‘quv jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi.36 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilib, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kontrakt asosidagi qabul parametrlarini belgilashda mustaqil hal etish imkoniyati yaratildi. Oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizga maqbullashtirildi va natijada 306 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 183 tagacha qisqartirilib, yangilangan “Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori” tasdiqlandi.

Bugun barcha hududda eng zamonaviy, xalqaro standartlarga javob bera oladigan nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari soddalashtirildi. Litsenziya olish tizimi to‘liq raqamlashtirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida 170 mingdan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda. 

Yurtimiz oliy ta’lim maskanlarining milliy va xalqaro reytinglardan yuqori o‘rin olish ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga ortib borayotir. “QS” xalqaro reytingidan 7 ta oliygoh joy oldi, jumladan,  TOP-1000 talik ro‘yxatdan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 469, O‘zbekiston Milliy universiteti  721–730,  Toshkent davlat texnika universiteti 901–950-o‘rinni egalladi.

2025 yilgi “THE Impact Rankings” natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 59 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatdan o‘tib, 12 tasi jahonning Top-1000 talik universitetlari safidan o‘rin oldi va bu bilan mamlakatimiz Markaziy Osiyo hamda Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.

2025 yilgi “QS World University Rankings by Subject” fanlar bo‘yicha reytingi natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 5 ta oliy ta’lim muassasasi 8 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha jahonning eng yaxshi 1000 ta universitetlari qatoriga kiritildi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli “Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi “QS World University Rankings – 2025” TOP–1000 oliygohlari ro‘yxatidan ilk bor respublikamizning ikki oliy ta’lim muassasasi –  “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” Milliy tadqiqot universiteti 547-o‘rin, O‘zbekiston Milliy universiteti 781-790-o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida yangi pedagogik texnologiyalar joriy etildi. O‘qitish va amaliyot jarayoni mujassamligi ta’minlandi, zamonaviy laboratoriyalar olib kelindi. 8 ming 101 nafar xorijlik mutaxassislar o‘quv jarayoniga jalb qilindi. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligi oshirildi va ilmiy salohiyat 70 foizga yetkazildi.

So‘nggi uch yilda oliy ta’lim muassasalarining 2 ming 299 nafar rahbar va 23 ming 321 nafar pedagoglari, jami 25 ming 620 nafar rahbar va pedagog kadrlari 223 ta yo‘nalishda malaka oshirdi. Bu ishlar oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. 

Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan marra ko‘zlanayotgan ayni damda yoshlarimizni zamonaviy ta’lim bilan to‘yintirish dolzarb. Bu borada mamlakat yoshlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani e’tiborga molik. Buning uchun esa bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotganini, yoshlarning harakat va intilishlari qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan qisqa fursatlar davomida mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimida uzoqni ko‘zlab, yorqin kelajakni o‘ylab amalga oshirilgan islohotlar o‘z natijadorligini namoyon etayotir. Sohadagi samaralar, erishilayotgan natijalar haqida ko‘p va xo‘p yozish, gapirish mumkin. Eng muhimi, bularning bari yurtimiz ertasiga poydevor ekanini tasavvur qilishning o‘zi quvonchli. Barcha sa’y-harakatlar bugun ulg‘ayayotgan, Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘ladigan farzandlarimizning kamolotiga zamin bo‘lajak. 

Muhtarama Komilova, O‘zA