English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samarasi mahallalar farovonligida ko‘rinadi
14:22 / 2025-11-03

IIV akademiyasi rahbari Nukus shahridagi “Jeke terek”, “G‘arezsizlik”, “Xalqlar doslig‘i”, “Gene qala”, “Janabazar” mahallalari faoliyati bilan tanishdi.

Manzilli o‘rganishlar chog‘ida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Aytish joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil 18 avgustdagi PQ-253-son qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 5 ta mahalla ta’lim muassasasiga biriktirildi. O‘tgan davr mobaynida katta ilmiy-amaliy tajribaga ega professor-o‘qituvchilar tomonidan “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan birgalikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Jinoyat o‘choq”larida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga 85 ta tashvish tugmasi, 344 ta zamonaviy kamera o‘rnatildi. 144 ta ob’ekt texnik qo‘riqlovga olinib, 10 ta “xavfsiz ko‘cha”, 28 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi. Bundan tashqari, aholi ishtirokida 9 marotaba jinoyatchilik muhokamasi, jamoat joylari, korxona va tashkilotlarda 45 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. 

Hududlarni o‘rganish davomida mahallalarda ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlarga alohida e’tibor qaratdi. “Yettilik” vakillari va mas’ullarga yangi tizim asosida natijadorlikni oshirish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil qilish, aholini qiynayotgan ijtimoiy muammolarni hamjihatlikda hal etish, mahallalarda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka murosasizlik immunitetini shakllantirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

– Mahallalar islohotlar markaziga, xalqimizning og‘irini yengil qiladigan yaqin ko‘makchiga aylanib bormoqda. Hududlarda xavfsiz va osoyishta muhit yaratish uchun har birimiz jinoyatchilikni jilovlashga shaxsiy javobgarlik hissi bilan yondashishimiz kerak, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov. 

Shuningdek, akademiya rahbari Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi hamda “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi faoliyatini ham o‘rgandi. Uchrashuvlar chog‘ida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, ularning bilim salohiyati, ma’naviy dunyoqarashi, jismoniy tayyorgarligi va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, hududlarda oliy ta’limga qamrovni oshirish borasida vazifalar belgilab olindi.

Jamshid XOLOV,

IIV akademiyasi Axborot xizmati