Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Mustaqilligimizning 34 yili — insoniyat tarixi oldida juda qisqa fursat, ammo mamlakatimiz hayotida asrlarga tatigulik natijalar namoyoni bilan qadrli va qimmatli muddat. Bu yillar davomida yurtimiz hayotining har bir jabhasi misli ko‘rilmagan darajada ravnaq topdi, ko‘zlangan ulkan marralar zabt etildi, aholi farovonligi, turmush sharoitlari yuksaldi, ilm-ma’rifat, madaniyat, sport, tadbirkorlik keng quloch yoydi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshini qo‘yish maqsadi yo‘lidagi islohotlar ko‘lami tengsizdir. Bu yo‘lda yurtimiz yoshlarini ilmga, oliy ta’limga keng jalb qilish, ilm-fanni rivojlantirish sari hayotiy qadamlar tashlandi. Natijada yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 43 foizga yetdi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonlari, ilmiy faoliyat yo‘nalishlari ham jadal o‘sib bormoqda. Ta’kidlash joizki, 2018-2024 yillarda ilm-fan va innovatsion faoliyatga oid jami 90 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Natijada sohada raqobat, manfaatdorlik va javobgarlik muhiti shakllandi.
Innovatsiya va ilm-fan sohalariga davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmi 3 barobarga hamda loyihalarni moliyalashtirish hajmi 3,5 barobarga oshirildi. Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy darajaga ega xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari 3,2 barobarga oshirildi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga asosan xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi joriy etildi. Ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimi diversifikatsiya qilindi, 2018-2022-yillar davomida sanoat korxonalari va xususiy sektordan fan va innovatsiyalarga ajratilgan mablag‘lar 3 barobarga ko‘paydi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 7 yilda ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika bo‘yicha 32,7 foizdan 44 foizga o‘sdi. Ya’ni, 2024 yilda 2017 yilga nisbatan 11,3 foizga oshgan.
2024 yil holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida 40 mingga yaqin professor-o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Shundan ilmiy darajalilar 17 ming 400 nafar bo‘lib, fan doktorlari 3 ming 360 nafar, fan nomzodlari 14 ming 40 nafarni tashkil etadi. Dissertatsiya himoyalari ko‘rsatkichi 2023 yil yakunida 2016 yilga nisbatan 15 martaga oshirilgan. Respublika oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida 11 ming 750 nafar doktorant, 9 ming 741 nafar mustaqil-izlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan doktorantlar 6,1 martaga, mustaqil tadqiqotchilar 3,4 martaga oshganидан dalolat beradi.
2024 yilda respublika oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida doktoranturaga qabul kvotalari 5 ming 200 ta hamda stajyor-tadqiqotchilikka 500 ta kvota ajratilgan. 2016 yilga nisbatan kvotalar soni 21,3 martaga oshirildi.
Tadqiqotchi talabgorlar uchun ko‘zda tutilgan attestatsiya tadbirlarini munosib amalga oshirishni tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida jami 235 ta Ilmiy kengashlar faoliyat olib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 7,3 martaga oshirildi.
Tadqiqotchi pedagoglarning ilmiy maqolalarini nashr etish yo‘nalishida ham qator natijalarga erishilmoqda. 2024 yilda oliy ta’lim muassasalarida “Scopus” xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda 3 ming 574 ta maqola nashr etilgan va maqolalar soni 2016 yilga nisbatan 5,8 barobarga oshgan.
2018-2024 yillar davomida doktoranturaga ajratilgan kvotalar soni 7,1 barobarga oshdi va 2024 yilda 5 ming 200 taga yetkazildi. Oliy ta’limdan keyingi ta’limga tayyorgarlik bosqichi sifatida stajyor-tadqiqotchilik instituti joriy etilib, 1,5 mingta yosh olim qamrab olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, keyingi yillarda innovatsiya va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, sohada keskin o‘sish va rivojlanish kuzatilmoqda. Ilmiy faoliyatning ravnaqi esa har bir soha va tarmoqning ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilishi va amaliyotda ulkan samaralarga erishish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Zero, yurtimiz azaldan ilm-fan o‘chog‘i bo‘lib, dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga katta hissa qo‘shgan olimu fuzalolarni yetishtirgan zamindir. Bugun buyuk allomalarimizga munosib izdosh va vorislarni yetishtirish, uyg‘onishning uchinchi buyuk davrini boshlab berish yo‘lida bardavom qadamlar tashlanayotgani e’tibor va e’tirofga munosib.
Muhtarama Komilova, O‘zA