Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar samaradorligi ularning huquqiy asoslari nechog‘lik mukammal ekaniga bog‘liq
19:08 / 2021-01-28

Islohotlarning samaradorligi ko‘p jihatdan ularning huquqiy asoslari nechog‘lik mukammal ekaniga bog‘liq. Shu bois, qonunlar, farmon va qarorlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va aholiga xalqchil tilda yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi asosida qonun hujjatlarini ishlab chiqish, ularni aholiga yetkazishni nazarda tutuvchi prinsipial yangi tizim joriy etilmoqda.

Munosabat

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan edi. Shu maqsadda 2019 yilning 1 yanvar kuni internet jahon axborot tarmog‘ida pilot loyiha sifatida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – «projekt.gov.uz» sinov tariqasida ishga tushirildi. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 20 dan ortiq ilg‘or mamlakatlar, xususan, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya tajribasi o‘rganildi. Ularning yuqori darajadagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keltirildi.

Hukumatning 2019 yil 8 apreldagi qaroriga asosan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yagona elektron tizimida kelishilmoqda. O‘tgan davr mobaynida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro organlarining 2 ming 500 nafarga yaqin xodimi (ulardan 600 nafarga yaqini rahbar xodimlar) Yagona elektron tizimga elektron raqamli imzo orqali ulandi. Ilgari birgina normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va kelishishda tashkiliy ishlarni bajarish uchun bir necha hafta yoki oylar talab etilgan. bugungi kunda bunday ishlar yagona tizim orqali tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda.

Milliy baza – lex.uzda qancha normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligini bilasizmi?

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi tizimi – lex.uz mamlakatimizda 2000 yilda joriy etilgan. 2007 yilda rasmiy ishga tushirilgan,

2016 yilda Milliy bazaga qonun hujjatlari e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi. Ilgari Milliy bazani shakllantirish, hujjatlarga yuridik ishlov berish, ayrim hollarda normativ-huquqiy hujjatlarni bazada rasmiy e’lon qilish muddatlari buzilar edi. Buning asosiy sababi kelib tushayotgan qonunosti hujjatlarining ba’zilarida orfografik, stilistik xatolar, davlat va boshqa tillardagi matnlarning bir-biriga ziddiyatli jihatlari mavjudligida edi. Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida Milliy bazani to‘liq modernizatsiya qilish belgilandi. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan Milliy bazani 2019-2020 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjatda Milliy bazani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, texnik mustahkamlash istiqbollari belgilab berildi.

Bu ishlar o‘z samarasini uzoq kuttirib qo‘ymadi. Qisqa fursat ichida Milliy bazaning 21 ta qonunchilik sohalari kataloglari shakllantirildi. Qabul qilingan qonun hujjatlari doimiy tarzda Milliy bazaga bir ish kunida kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirilgan har bir normativ-huquqiy hujjatdagi havolaki normalar, sharhlar taqdim etib borilmoqda. Havolaki normalar va sharhlar ularning dolzarbligi, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, shuningdek, yangi hujjatlarning aks etishi asosida yangilab borilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksi, Yer kodeksi, Oila kodeksi, shuningdek, yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksiga sharhlar butunlay yangilandi.

Har yili o‘rtacha mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Hozirgi paytda Milliy bazada 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjud bo‘lib, ular ingliz tiliga tarjima qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Turizm to‘g‘risida”gi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining ingliz tilidagi tarjimasi joylandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirilgan hujjatlarning lotin alifbosidagi matnlarini ham bazaga kiritish ishlari olib borilmoqda. Hozirda 25 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar lotin alifbosida e’lon qilindi.

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha parlament muhokamalari jarayonining shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash maqsadida bir necha samarali mexanizmlar joriy etildi. Endilikda qonun loyihalari matnlari va ularga doir tahliliy materiallar har bir o‘qishdan keyin parlamentning veb-resurslarida tezkor e’lon qilib borilmoqda. Bundan tashqari, real vaqt rejimida takliflar hamda mulohazalarni yo‘llash imkoniyatini joriy etgan holda mazkur jarayonlarni ommaviy axborot vositalari, shuningdek, parlamentning veb-resurslarida onlayn translyatsiya qilish ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Mazkur yangicha yondashuvlarni joriy qilishining tub negizida norma ijodkorligi jarayoniga keng omma vakillarini jalb qilish va halqchil qonunlarni tayyorlash kabi muhim maqsadlar yotibdi. Eng avvalo, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda barqarorlikka erishish uchun takomiliga yetgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishning o‘zi kamlik qiladi. Qabul qilinayotgan hujjatlar va ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida oddiy tilda tushuntirishlar berish normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini oladi. Qolaversa, bunday yondashuv aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

“Tomoshabin bunday muhim hujjatlarni qanday qabul qilyapti, qay darajada anglamoqda, tushunmoqda?!” degan savollar ochiq qolardi

Hammamizning yodimizda: yaqin-yaqingacha telekanallarimizda yangi qabul qilingan qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari suxandon tomonidan o‘qib berilar hamda shu bilan cheklanilardi. Lekin “Tomoshabin bunday muhim hujjatlarni qanday qabul qilyapti, qay darajada anglamoqda, tushunmoqda?!” degan savollar ochiq qolardi. Ma’lumki, rasmiy uslubdagi matnni uzoq vaqt davomida tinglash inson miyasi zo‘riqishga olib kelishi mumkin. Bu tabiiy fiziologik jarayon.

Tushunish qiyin bo‘lgan yuridik terminlar, murakkab konstruksiyalar ba’zan malakali huquqshunoslar doirasida ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Har qanday mediamahsulot, avvalo, odamlar ruhiyati, psixologiyasi, hissiyotlariga ta’sir etishi lozim. Shunday ekan, qabul qilinayotgan har bir huquqiy hujjatni keng ommaga e’lon qilish va sharhini tayyorlashda neyrolingvistik omillarga, kompyuter grafikasiga, infografik tasvirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hozirgi kunda qabul qilinayotgan hujjatlar mohiyatini xalqqa yetkazishda hayotiy misollar, kundalik turmushimizdagi jarayonlar, holatlar, tendensiyalar qo‘llanilmoqda. Insonlar taqdiri va faoliyati orqali, soha mutaxassislari fikrini inobatga olib, oddiy, ammo matn mazmunini boyitadigan media shakllardan foydalanishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Binobarin, har qanday qonun, farmon yoki qarorning amaliyotga to‘g‘ri joriy qilinib, samarali ishlashi hamda ijro etilishida mana shunday noan’anaviy va o‘ziga xos targ‘ibot usullari nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy targ‘ibot usullari qonunlarning samarali ijrosini ta’minlovchi kuch sifatida milliy parlamentimiz faoliyatida ham namoyon bo‘lmoqda. Mohiyatni yetkazish qanchalik samarali bo‘lsa, amalda vazifalarni bajarish hamda shu yo‘lda jamiyatni safarbar qilish shuncha oson kechadi.

Bu boradagi telesharhlar, mediamateriallar “qotib qolgan” muayyan qarashlarni yo‘qqa chiqarib, o‘z kutilgan natijasini berayotgani teletomoshabinlar, umuman, keng auditoriya tomonidan bildirilayotgan ijobiy fikrlar misolida o‘rganib borilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning farovonligini ta’minlash uchun barcha sohada yuritilayotgan tub islohotlar takomillashib borayotgan norma ijodkorligi faoliyatida ham aks etmoqda. Qonunchilik targ‘ibotida yangicha yondashuvlar, mediatexnologiyalar va hayotiy misollar hujjatlar mohiyatini aniq va lo‘nda tushuntirish uchun xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Valisher DAVLYATOV,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va

parlament tadqiqotlari instituti

bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA