Qaror va ijro
Bundan yetti yil avval, Buxoro viloyatida 336 ta maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularga bor-yo‘g‘i 33 939 nafar bola qamrab olingan edi.

Sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida bugungi kunda viloyatda 168 ta davlat, 21 ta xususiy, 133 ta davlat xususiy sheriklik asosidagi hamda 1557 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tashkil etilishi hisobiga 144 ming bola o‘rni yaratildi. Qamrov 2017 yildagi 22,6 foizdan 88,5 foizga, majburiy bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarida 6 yoshli bolalar qamrovi 100 foizga yetkazildi.

Ta’lim qamrovini oshirishda, ayniqsa, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovi past bo‘lgan hududlardagi shart-sharoitlardan kelib chiqib, viloyatdagi 22 ta maktabning bo‘sh turgan binolari maktabgacha ta’lim talablariga moslashtirilib, 1320 bola uchun qo‘shimcha o‘rin yaratildi. Bu bilan, mazkur tarmoqda yangi bolalar bog‘chasini qurish uchun sarflanadigan 46,2 milliard so‘m mablag‘ tejalishiga ham erishildi.
Romitan tumani markazidan yigirma kilometr uzoqlikda joylashgan Qoqishtuvon qishlog‘ida ham yaqin kunlargacha maktabgacha ta’lim muassasasiga ehtiyoj yuqori edi. Bu yerlik bolalar davlat bog‘chalariga yigirma kilometr masofadan qatnashga majbur bo‘lardi.
Endilikda mahalliy hokimlik va homiylar ko‘magida 11-IDUMning bo‘sh turgan yotoqxonasi binosida 90 o‘rinli yangi bog‘cha tashkil etildi. 500 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bino rekonstruksiya qilinib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.