Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar o‘z samarasini bermoqda
11:43 / 2022-07-27

Sog‘liqni saqlash hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Jizzax viloyat boshqarmalari hamkorligida press-tur tashkil etildi.

Dastlab, Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida viloyatning shahar va tumanlarida yangi tibbiy profilaktika hamda patronaj tizimini joriy qilish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berildi.

So‘ng Jizzax shahri hamda Mirzacho‘l tumanidagi tibbiyot muassasalariga borildi.

– 200 qatnov o‘rniga ega Jizzax shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi Jizzax shahri va shahar atrofidagi aholiga tor doiradagi mutaxassisliklar bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi, – deydi poliklinika bosh shifokori Musaxon Amonov. – Muassasada barcha tor mutaxassislar bor, O‘zbekistonning qayeridan bo‘lishidan qat’iy nazar har bir murojaat qilgan fuqaroga birlamchi tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi. Turli infeksiya bilan bog‘liq davriy kasalliklarni aniqlash uchun barcha zarur tibbiy jihozlar mavjud bo‘lib, bemorda biror infeksion kasallik turi aniqlansa, holatiga qarab, og‘ir formada bo‘lsa yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, yengil bo‘lsa, shu yerda izolyatsiyaga olib, davolanadi.

Laboratoriya, rentgen, UZI, EKG va boshqa eng so‘ngi rusumdagi zamonaviy, xorijda ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada 68 nafar vrach, 112 nafar hamshira, o‘ndan ortiq kichik tibbiy xodimlar fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

[gallery-8050]

Navbatdagi manzil ko‘p yillardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Jizzax shahar 2-sonli oilaviy poliklinikasi bo‘ldi. Shifo muassasasi barcha zarur tibbiy uskunalar, jumladan EKG, UZI, bolalar va kattalar tish shifokori uchun zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

– 2-sonli oilaviy poliklinikada 28 shifokor, 76 hamshira ishlaydi, shulardan 45 nafari maxsus sumkalar va kerakli dori-darmon, tibbiy uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan patronaj hamshiralari va 9 nafar kichik tibbiy xodimdir, – deydi poliklinika bosh shifokori Qarshigul Haydarova. – Ta’minot va kadrlar masalasida muammo yo‘q. Ammo muassasa belgilangan normadan ancha ko‘p, ya’ni 27 ming o‘rniga salkam 50 ming aholiga xizmat ko‘rsatishi sabab bemorlar qabuli, muolajasi, statsionar davolanishi uchun zarur xonalar yetishmaydi.

Press-tur ishtirokchilari Mirzacho‘l tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyati bilan tanishtirildi.

Tumanda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj xizmati yo‘nalishida mutlaqo yangi tizimni joriy qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini ta’minlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizimni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

– Mirzacho‘ldagi ushbu ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika 2019 yil yangidan barpo etildi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Bahrom Suyunov. – Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, bemorlarga qulay sharoit yaratish maqsadida bunyod etilgan poliklinikaning loyiha qiymati 8 milliard so‘mni tashkil etadi. 250 qatnov o‘rniga ega ushbu shifo maskanida 23 nafar vrach, 103 nafar hamshira, 26 nafar kichik tibbiyot xodimi bemorlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Poliklinika eng zamonaviy, so‘nggi rusumdagi innovatsion tibbiy texnologiyalar, 80 turdagi dori-darmon va boshqa zarur tibbiy uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan. Tibbiyot xodimlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, ammo malakali shifokorlar yetishmaydi. Shu sabab, Samarqand viloyatidan 2 nafar yosh, iqtidorli yigitlarni taklif etdik. Ularga bu yerdagi sharoit ma’qul keldi, shu yerda qolib ishlash niyatida. Lekin bu bilan muammo to‘liq hal bo‘lmaydi.

– Tuman markaziy shifoxonasida endokrinologiya bo‘limi ochilib, juda yaxshi bo‘ldi, – deydi Mirzacho‘l tuman “Toshkent” mahallasida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan 2-guruh nogironi, kam ta’minlangan Dilafruz Ahmedova. – 1 nafar farzandim bor, yolg‘iz onaman. O‘g‘lim Jizzaxda o‘qiydi, davolanishga sharoitim yo‘q. Jizzaxga bir amallab sharoit qilib, davolangani borsam, “2 oydan keyin keling, shunda joy bo‘shaydi”, derdi. Bu yerda hamma sharoitlar bor, dori-darmon bilan shifoxonani o‘zi ta’minlayapti.

 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA