Tashrifdan tashrifgacha
Cho‘lda qurilgan shaharcha
Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi yangilanishlarni ko‘rgan har qanday odamda fikr tug‘iladi: islohotlar qog‘ozda emas, hayotda amalga oshmoqda. Ko‘kdala zamini ilgari yantoqzorlardan iborat dala bo‘lgan. Bugun bu yerda shinam, zamonaviy shaharcha barpo etildi.
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Ko‘kdala tumani misolida viloyatdagi o‘zgarishlar hayotga qay darajada jadal kirib kelayotganini yaqqol ko‘rish mumkin. Hududdagi keng ko‘lamli qurilish va infratuzilma loyihalari, aholi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqiqiy ma’noda “yangi hayot” sari yo‘l ochmoqda.
[gallery-23953]
– Ilgarilari bu yerlarda faqat yantoq o‘sardi. Bugun esa har kuni biror ob’ekt, biror yangi inshoot foydalanishga topshirilmoqda. Har kunimiz bayramdek o‘tmoqda, – deydi tuman Kengashi deputati Yaxshinor Chorshanbiyev.
So‘nggi uch yilda bu tumanda ma’muriy binolar, maktab va bog‘chalar, shifoxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari barpo etildi. Qurilishlar odamlarning hayotini o‘zgartirdi. Avvallari biron yumush yuzasidan 70-100 kilometr masofa bosib, uzoqdagi markazga borishga majbur bo‘lgan fuqarolar endi barcha xizmatlarni o‘ziga yaqin joyda olyapti. Yangi “Yettitom” shaharchasining barpo etilishi inson jahd qilsa, katta ishlarga qodirligining namunasidir. Yantoqzor cho‘lda tiklangan bu shaharchada nafaqat turar joylar, balki bolalar maydonchalari, ichki yo‘llar, yashil hududlar va servis markazlari uyg‘unlikda qurilmoqda.
Yangi tumanda 20 dan ortiq yangi mahalla binolari, 23 ta yangi davlat bog‘chasi qurildi. Ilgari butun hududda atigi 3 ta bog‘cha bo‘lganini inobatga olsak, bu raqamlarni inqilob desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun esa bog‘chalarning umumiy soni xususiylarni ham hisobga olganda 60 taga yetmoqda.
Miraki – sayyohlar orzusiga aylanmoqda
Qashqadaryoning yana bir so‘lim maskani – Shahrisabz tumanidagi Miraki mahallasi ham o‘zgarishlar og‘ushida. 2023 yilda Prezident qaroriga binoan “Shahrisabz” turistik markazi aynan shu hududda tashkil etildi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, osma ko‘priklar, selfi maydonchalari, ziplaynlar, suvda sayohat, mehmonxonalar, ovqatlanish joylari barpo etildi. Miraki nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham sevimli manzilga aylanmoqda.
Master-rejaga asosan 10 kilometr uzunlikdagi velo-yo‘lak, 9,750 metrlik piyoda yo‘laklari, tungi yoritish chiroqlari va ko‘priklar qurildi. Bu nafaqat turizm, balki mahalliy aholining ham turmush sifatini yaxshilamoqda. Shu bilan birga, 240 gektar yerda turistik loyihalar uchun tadbirkorlarga sharoit yaratilib, 12 ta loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Bu yerda mahalliy tadbirkorlar ham faol qatnashmoqda.
Ta’limdagi o‘zgarishlar
Qarshi davlat universitetida so‘nggi to‘rt yilda amalga oshirilgan islohotlar oliy ta’limning qanday jadal rivojlanayotganini namoyon qiladi. Xususan, xorijiy tillar fakulteti uchun qurilgan yangi 5 qavatli bino bugungi talabga mos, interaktiv, lingafon, media studiyalar bilan jihozlangan. Talabalarning 100 foiz yotoqxona bilan ta’minlanishini respublikaga namuna qilib ko‘rsatsa, arziydi. Yangi oshxona, “Kir yuvish” markazi, ta’mirlangan sport zali barchasi talabalar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.
QarDU xalqaro reytinglarda ham yuqori o‘rinlarga ko‘tarilmoqda. Xususan, 2024 yilda “THE Impact Ranking”da 6 yo‘nalish bo‘yicha ilg‘or 1000 talik ro‘yxatga kiritildi. Universitetning “Ingliz tili” yo‘nalishi 5 yillik xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Sog‘liqni saqlashda xususiy sektor yetakchi
Qarshi shahrida joriy yilda ish boshlagan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi viloyat tibbiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. 1,7 gektar yerda qurilgan markaz 250 o‘rinli bo‘lib, 200 milliard so‘m investitsiya jalb etilgan.
Bu markazda faqat muolaja emas, balki yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, innovatsion diagnostika, reanimatsiya, intensiv terapiya bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. “Philips Azurion 5 Biplane” angiograf apparati, miniinvaziv operatsion xonalar va zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘limlar aholining sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini qondirmoqda.
Maskanda Hindiston, Turkiya, Germaniya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb etilmoqda. Xalqaro tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik kengaymoqda. Bu esa nafaqat davolash, balki mahalliy mutaxassislarni qayta tayyorlash imkonini ham yaratmoqda.
Muxtasar aytganda, Qashqadaryoda bugun amalga oshirilayotgan islohotlar bu shunchaki qurilish yoki ro‘yxatdagi raqamlar emas, odamlarning hayotidagi haqiqiy o‘zgarishlardir. Yantoqzorda shaharcha, bog‘chasiz hududda ta’lim maskanlari, uzoq masofadagi tibbiyot o‘rniga mahalliy yuqori texnologiyali markazlar...
Bu islohotlarning zamirida esa inson, uning hayoti, farovonligi, kelajagi turadi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari