English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar natijadorligi hamkorlik va hamjihatlikka bog‘liq
14:52 / 2023-08-27

Navoiy davlat pedagogika institutida Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, sektor rahbarlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, shahar Kengashi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, siyosiy partiyalar, tegishli tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Dastlab shahar hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Haqberdiyev 2023 yilning o‘tgan davrida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning holati hamda kelgusida belgilangan asosiy vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Navoiy shahar aholisi 156 ming 170 nafar bo‘lib, ishsizlik darajasi 6,3 foizni tashkil etmoqda. 

2023 yil boshida “Navoiy shahrida aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlari” tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, 24 ming 525 nafar, shundan 13 ming 972 nafar doimiy ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan. O‘tgan 7 oy mobaynida esa 20 ming 227 ta doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Shuningdek, shaharda yil boshida 657 nafar ishsiz yoshlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, mahalla yoshlar yetakchilari hamda hokim yordamchilari bilan hamkorlikda ularning 327 nafari ishga joylashtirildi.

Hozirgi vaqtda 330 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida yo‘nalishlar kesimida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Navoiy shahrida jami ishsiz xotin-qizlar 2 ming 772 nafarni tashkil etib, Bandlik dasturi doirasida 1 ming 699 nafarining bandligi ta’minlangan. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun 89 nafar xotin-qizlarga 762,7 million so‘mlik subsidiyalar ajratildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 468 nafar xotin-qizlarga 10 milliard 564 million so‘mlik kredit berildi.

Sessiyada “Navoiy shahrida huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan shahar IIB boshlig‘i Fazliddin Berdiyevning hisoboti tinglandi.

Bugungi kunda shahar hududida kriminogen vaziyatni barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida IIBning sohaviy xizmatlari hamda mutassaddi tashkilotlar hamkorligida “Xavfsiz hudud”, “Nazorat”, “Oriyat”, “Qoradori”, “O‘smir”, “Davomat”, “Qidiruv”, “Tun”, “Tig‘” singari maxsus va boshqa tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tazilib, jamoat tartibi ta’minlanmoqda. Har haftaning belgilangan kunlari jamoatchilik va hamkor tashkilotlar ishtirokida 36 ta mahallada “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash kuni” tadbirlari o‘tkazilib kelinayapti.

Xududlarda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklarni tegishli tartibda bartaraf qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.

Shuningdek, shu kuni Xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Tumanda 2023 yilning o‘tgan davrida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning holati hamda kelgusida belgilangan asosiy vazifalar” hamda “Tumanda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to‘g‘risida”gi masalalar muhokama etildi.

Sessiyalar so‘ngida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA