Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar moʻjizasi
09:00 / 2019-10-01

1949-yil 1-oktyabr kuni Pekindagi Tyananmen maydonida Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgani eʼlon qilingan edi. Shu kundan eʼtiboran har yili 1-oktyabr – Xitoy Xalq Respublikasi milliy bayrami – Respublika kuni sifatida keng nishonlanadi.

Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganiga 70 yil toʻldi

1949-yil 1-oktyabr kuni Pekindagi Tyananmen maydonida Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgani eʼlon qilingan edi. Shu kundan eʼtiboran har yili 1-oktyabr – Xitoy Xalq Respublikasi milliy bayrami – Respublika kuni sifatida keng nishonlanadi.

Mazkur bayram besh kun davomida Xitoy tarixidagi ikki “Oltin hafta”dan biri sifatida tantana qilinadi. Butun mamlakat boʻylab xalq sayillari, tomoshalar oʻtkaziladi. Mazkur bayramni tomosha qilish uchun koʻplab xorijlik sayyohlar Xitoyga tashrif buyuradi.

Joriy yilda 70 yilligini nishonlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining soʻnggi 25-30 yildagi ravnaqi butun dunyoni hayratga solmoqda. Xitoy xalqi oʻz madaniyati, urf-odatlari, milliy gʻoyalariga sodiq boʻlib, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy tuzumi, rahbarlari, davlat va jamoat arboblari faoliyatiga baho berishda adolat mezonlariga qatʼiy tayangan holda yondashadi.

Besh ming yillik tarixga ega Chin mamlakatining buyuk islohotchisi Den Syaopin Xitoy Xalq Respublikasi tarixida alohida oʻrin egallaydi. U iqtisodiyoti misli koʻrilmagan surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy Xitoyning meʼmori sifatida dunyoga tanilgan. Hatto XXR Raisi Si Szinpin ham oʻzini Den Syaopinning shogirdi, deb hisoblaydi.

Buyuk siyosatchi, Xitoy Kommunistik partiyasining yirik arbobi Den Syaopin amalda biror marta birinchi rahbar lavozimida ishlamagan. Ammo taqdir taqozosi bilan 1970-yil oxiridan 1990-yillar boshigacha bir milliarddan ortiq aholisi boʻlgan Xitoy Xalq Respublikasini boshqargan.

Den Syaopin rahbar uchun juda muhim boʻlgan noyob qobiliyatga ega davlat arbobi edi. Insoniyat tarixida odatda qirgʻinbarot urushlar, nizo-janjallarsiz hal qilib boʻlmaydigan ishlarni u muzokarayu murosa yoʻli bilan bajarish uddasidan chiqdi. U bir-biriga qarama-qarshi ikki tushunchani, biri ikkinchisini inkor etuvchi ikki ilmiy-nazariy konsepsiyani, ikki ijtimoiy-siyosiy tuzumni bir-biri bilan kelishtirib, ularni birlashtira olgan buyuk tarixiy shaxsdir.

Uning hayoti va faoliyati oson kechmagan. Uch marta yuqori lavozimlardan chetlatilgan, taʼqib ostida boʻlgan, surgun qilingan, ammo vatani taqdiriga befarq boʻlmagan bu shaxs siyosiy sahnada qayta-qayta paydo boʻlgan. Aslida “Den Syaopin” – xitoycha “hech kim yengib boʻlmaydigan, mustahkam irodali” deganidir.

Den Syaopin Pekin universitetining tabiiy fanlar fakultetini bitirgach, AQSHdagi Rotchester univesitetida professor lavozimida ishlaydi. Hujjatlarida Denning ismi Syanshen deb yozilgan edi. Syanshen xitoycha – “donishmanddan ham aqlli” degan maʼnoni anglatadi.

photo5229100766118128976.jpg

Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan 1949-yili Den Syaopin mamlakatning janubi-gʻarbiy tumanlariga ishga yuboriladi. U yerda partiya qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimida ishlaydi. 1957-yili Mao Szedun Den Syaopinni Xitoy Kompartiyasi markaziy qoʻmitasiga bosh kotib lavozimiga taklif etadi. Den Mao Szedun hayotligi davrida uning merosxoʻri deb eʼlon qilingan Lyu Shaotsi bilan birga Xitoyning “Buyuk sakrash” dasturi asosida yangi iqtisodiy isloxotlarga kirishadi. Muvaffaqiyatli chiqqan bu faoliyati unga partiya va xalq oldida katta obroʻ-eʼtibor olib keladi.

Mao Szedun vafotidan keyin hukumat boshida bosh vazir Xua Gofen turgan boʻlsa-da, dunyoqarashi xalqqa yaqin boʻlgan, boshqaruv apparatida anchadan buyon ishlayotgan Den Syaopin mamlakatning haqiqiy rahbari boʻlib qoladi. Mao hukmronligining soʻnggi yillarida uzoq davom etgan va xalqning tinkasini quritgan “madaniy inqilob»lardan soʻng holdan toygan, iqtisodi qashshoqlashgan, boz ustiga tobora avj olayotgan fuqarolar urushiga gʻarq boʻlib ketish arafasida turgan Xitoyda rahbarlik lavozimiga kelgan Den Syaopin qadimda hukm surgan barcha boshqaruv usullari, ijtimoiy-siyosiy tuzumlarni chuqur idrok etib, mamlakatni yangi yoʻlga boshlaydi.

Den Xitoyda umumxalq davlatiga asos soladi. Jamiyatga bundan buyon mutlaqo yangicha fikrlashni, yangicha ishlashni taklif etadi, yuqori samara beradigan jiddiy iqtisodiy islohotlar tashabbuskori boʻlib chiqadi va tarixan qisqa davr ichida Xitoyni jahon bozorining uzviy bir qismiga aylantirishiga muvaffaq boʻldi.

1961-yili Guanchjou konferensiyasida keyinroq butun dunyoga mashhur boʻlib ketgan “Mushukning qora yoki oq rangda boʻlishiga qaramang, muhimi u sichqon tuta bilishi kerak”, degan iborasini ishlatadi.

Shunday qilib, katta hayotiy tajribasi, qobiliyati, xalqqa boʻlgan mehri, davr va taqdir taqozosi bilan Den Syaopin 1990-yil boshiga qadar Xitoy yetakchisi boʻlib qoldi.

Den Syaopin oʻzining yangi iqtisodiy siyosatida “toʻrt sohaning modernizatsiyasi” barcha islohotlarning asosi deb eʼlon qiladi. Shu prinsip asosida mamlakat iqtisodiyoti 4 sektorga: mudofaa sanoati, qishloq xoʻjaligi, fan va sanoat ishlab chiqarishi sektorlariga boʻlindi. “Sotsialistik bozor iqtisodiyoti” mamlakatda bosh yoʻnalish qilib olindi. Vaqt oʻtishi bilan bu oʻz taʼsirini koʻrsatib ijobiy samara berdi. Den insoniyat tarixida birinchi boʻlib “oʻziga oʻrtacha toʻq boʻlgan Saokan jamiyati”ni qurish gʻoyasini ilgari surdi. Den Syaopinning tavsiyasi boʻyicha, iqtisodiyotning koʻpchilik sektorlari ishiga hukumat aralashuvi kamaytirildi, boshqarish vakolati va masʼuliyati soha rahbarlari ixtiyoriga topshirildi, xususiy sektorlarning roli ortdi. XXRga xorijdan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni kiritishga, xalqaro savdoga ruxsat berildi. Bu tashabbuslar Xitoy aholisi turmush darajasini koʻtarish imkonini berdi, muhimi, olib borilayotgan kompleks islohotlar xalq tomonidan yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlandi.

Erkin iqtisodiy zona degan tushuncha asli Xitoydan tarqalgani maʼlum. Den Syaopin bundan 40 yillar avval erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilib, ularni “maxsus iqtisodiy zona” deb nomlaydi. Hozir Xitoyda Shenchjen, Chjuxay, Shantou, Syamen, Xaynan kabi 10 ga yaqin shahar, orol va mintaqalarda, shuningdek, koʻplab boshqa davlatlarda ana shunday erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda.

Xitoy bu yoʻldan borib dunyo bozorini oʻz maxsulotlari – kiyim-kechak, elektronika, maishiy tovarlar, mashinalar, hatto bolalar oʻyinchoqlarigacha toʻldirib tashladi.

Bir avlod umri davomida Xitoy siyosiy, maʼnaviy, iqtisodiy tanazzuldan chiqib mustahkam oyoqqa turdi, qudratli iqtisodiyotini shakllantirdi, katta surʼatlar bilan rivojlanib borayapti, “dunyo fabrikasi” degan nom oldi, bu muvaffaqiyatni bugun butun dunyo eʼtirof etmoqda.

Yaqinda Xitoyda jahon ommaviy axborot vositalarining xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Anjuman qatnashchilari Xaynan erkin iqtisodiy zonasini borib koʻrdi. Shaxsan Den Syaopin rahbariligida bu orolda Xitoydagi eng katta erkin iqtisodiy zona, mamlakatda yagona naʼmunali tropik kurort zonasi tashkil etilgan.

Bir paytlar qoloq, aholisi qashshoq, chor-atrofi botqoq boʻlib yotgan Xaynan orolining bugungi koʻrinishi jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Bu orolda soʻnggi 30 yil ichida dengiz sohillarida qad koʻtargan shahar va qishloqlarni, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan yirik sanoat korxonalari, bahaybat kemalarni, qudratli yuk ortish va tushirish kranlari ishlab turgan yirik bandargohlarni, gʻaroyib shaklda barpo etilgan, dunyoda sanoqli boʻlgan yetti yulduzli, koʻp qavatli zamonaviy “Atlantik” oteli va boshqa mehmonxonalarni, neft, hoʻl meva, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan zavod va fabrikalarni koʻrib jurnalistlar hayratlarini yashira olmadi. Ular bu orol bir avlod umri mobaynida mamlakat mehnatkashlarining fidokorona mehnati tufayli dunyodagi yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirilganining shohidi boʻldilar.

Xaynan erkin iqtisodiy zonasida shu kunda 7 ming 320 ta sanoat korxonasi ishlab turibdi, bu yerga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 22 milliard 300 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Xitoy bugungi kunda misli koʻrilmagan suratlar bilan rivojlanmoqda. Xitoyning ulkan yutuqlarga erishishida ushbu mamlakatning “ochiq eshiklar" deb nom olgan tashqi siyosati muhim omil boʻlmoqda.

Oʻzbekiston bilan Xitoyning taraqqiyotida mushtarak jihatlar koʻp. Buni koʻpchilik ekspertlar ham taʼkidlamoqda. Joriy yil aprel oyida Xitoyda boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Li Chjanshu shunday dedi: “Olib borayotgan siyosatining maqsadi va amalga oshirayotgan islohotlarining koʻlami Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni buyuk Xitoy islohotchisi Den Syaopinga qiyoslashga toʻla asos beradi”.

photo5230992252535417771.jpg

Oʻzbekistonga, uning rahbariga berilgan bu bahoni oʻqib turib, Xitoy islohotlari bilan biz qanchalik qiziqayotgan boʻlsak, Chin yurti ham Oʻzbekistonni va mamlakatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarni shunchalik diqqat-eʼtibor bilan kuzatib borayotganiga ishonch hosil qilasan kishi.