Munosabat
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini katta hayajon bilan tingladik.
Murojaatnomada o‘tgan to‘qqiz yilda erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib va erishilgan natijalarga asoslanib, nafaqat 2026 yilga, balki 2030 yilga qadar mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi.

Unda ilgari surilgan tashabbuslar davlat boshqaruvida barqarorlik va islohotlarda izchillikni ta’minlashga, shuningdek, jamiyatni ijtimoiy-ma’naviy rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Prezident nutqida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalasi faqat raqamlar yoki ko‘rsatkichlar bilan emas, balki uning inson hayotiga, aholi farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi nuqtai nazaridan yoritilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat va infratuzilmani modernizatsiyalash, investitsiya muhitini yaxshilash kabi vazifalar milliy iqtisodiyotning tashqi xatarlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ijtimoiy sohada ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya masalalariga berilgan ustuvor e’tibor davlat siyosatining markazida inson turganini yana bir bor tasdiqlaydi.
2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu qaror davlat siyosatining markaziga yanada ochiq-oydin tarzda inson, uning kundalik hayoti va jamiyatdagi o‘rni qo‘yilayotganini anglatadi. Mahalla – O‘zbekiston sharoitida shunchaki ma’muriy tuzilma emas, balki jamiyatning ijtimoiy tayanchi, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro yordam, hamjihatlik va javobgarlikni ta’minlovchi muhim institut hisoblanadi. Shu ma’noda, butun bir yilni mahallaga bag‘ishlash davlatning islohotlarni yuqori darajadagi qarorlar bilan cheklamay, ularni aholining eng quyi bo‘g‘inigacha yetkazishga intilayotganini ko‘rsatadi. Bu tashabbus orqali jamiyatni rivojlantirish “yuqoridan pastga” emas, balki “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida amalga oshirilishiga urg‘u berilayotganini ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, mazkur nomlanishda “jamiyatni yuksaltirish” iborasining qo‘llanilishi faqat infratuzilma yoki maishiy muammolar bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy ong, fuqarolik faolligi va ma’naviy muhitni ham qamrab olishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvni anglatadi. Bu esa mahallaning roli endilikda faqat ijtimoiy yordam taqsimlovchi tizim sifatida emas, balki fuqarolarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydigan, jamiyatda mas’uliyat va daxldorlik hissini kuchaytiradigan maydon sifatida qayta qaralayotganini ko‘rsatadi.
Murojaatnomada oltita ustuvor yo‘nalish belgilandi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat deyildi.
Prezidentimiz mahallalardagi muammolar, ya’ni yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi, dedi. Odamlarda ertangi kunga ishonch bo‘lishi uchun ham birinchi galda ularga qulay shart- sharoit yaratish kerakligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalish OKMK tomonidan ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirishi lozimligini ko‘rsatmoqda. Xususan, Olmaliq shahri va unga tutash hududlarda mahalla infratuzilmasini yangilash, yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi turmush sifatini oshirish ishlari mutlaqo yangi yondashuv asosida davom ettiriladi.
Joriy yilda Prezidentimizning «Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq kombinat Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq va Chinoz tumanlari, Nurafshon shahri hamda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumaniga biriktirildi. Bugungi kunda ushbu hududlardagi mahallalarda OKMK xomiyligida ko‘chalarga asfalt yotqizildi, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilib, artezian quduqlar qazildi, elektr tarmog‘i yaxshilandi. Bundan tashqari, aholining tomorqadan samara foydalanishiga ko‘maklashish maqsadida 12ta daromadi past oilalar uchun yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berildi.
Shuningdek, Sirdaryoda tumanidagi maxsus maktab-internat to‘liq rekonstruksiya qilib, yangi qiyofada foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Angren shahridagi "Dukent" madaniyat uyi ham jadal rekonstruksiya qilinmoqda.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdan iborat.
Bugungi kunda kombinatda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, yangi konlarni o‘zlashtirish va quvvatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar nafaqat mahsulot hajmini oshirish, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya samaradorligini yaxshilash va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Aynan shu yo‘nalishda, ya’ni biznes va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish, boshqaruv va operatsion sohani optimallashtirish doirasida shu yilning o‘zida 20 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 16 sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida yana 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Hayotimizning har bir jabhasiga kirib kelayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari kombinatning ishlab chiqarish jarayonlarida ham joriy etilmoqda. Xususan, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi ishga tushirildi. Natijada ma’lumotlarni “onlayn” jamlash, qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. “Yoshlik-1” konida “ekskavator - avtosamosval” operativ boshqaruv tizimi ishga tushirilib, avtomatik ravishda avtosamosvallar ekskavatorlarga taqsimlanmoqda.
Sun’iy intellektga asoslangan ma’dan o‘lchamlarini, ekskavator kovshining tishlarini nazorat qilish hamda haydovchilarning charchoqlarini kuzatish funksionallari ishga tushirildi. Ma’danni boyitish jarayonida video analitika “Mashina ko‘z nazorati” pilot loyihasi sinovdan o‘tmoqda.
Mis boyitish fabrikasida “ma’dan - suv” nisbatlarini avtomatlashtirish maqsadida nazorat va o‘lchov javonlari o‘rnatildi. Flotatsiya jarayonlarini avtomatlashtirish uchun U-flotation intellektual tizimi joriy etilmoqda, u real vaqtda jarayonni tahlil etib, boshqaruv qarorlarini qabul qiladi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, yo‘qotish va xarajatlarni kamaytiradi.
Mis boyitish fabrikasida qo‘shimcha 3 ta konsentrator o‘rnatilishi tufayli foydali komponentlarni ma’dandan ajratib olish darajasi 1%-3%ga oshirildi. 2-Mis boyitish fabrikada maydalash-yuvish uchastkasi uskunalarining sozlanishi natijasida avariyaviy to‘xtashlar 30 foizga kamayadi. Mis eritish zavodida avtomatlashtirilgan axborot tizimi tayyor mahsulotni yuklashni nazorat qiladi.
Sulfat kislotasi sexining kislota ombori va Metallurgiya sexining maydalash shixtalash bo‘limi avtomatlashgan dispetcherlik tizimi orqali onlayn tarzda nazorat qilinmoqda.
Metallurgiya sexi pechlariga yuklanuvchi shixta tarkibini kimyoviy va ekspress tahlil natijalarini elektron tarzda to‘ldirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada qog‘ozbozlik 50 foizga qisqartirildi.
Prezident murojaatida iqtisodiy rivojlanish, investitsiya muhitini yaxshilash va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga alohida urg‘u berilgani bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirishimiz va jadallashtirishimiz shartligini bildiradi. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda turli xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va AQSH bilan hamkorlik qilish ham dolzarbdir. Hozirda Amerika va Yevropa kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni kengaytirish, zamonaviy texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb qilish orqali milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bu hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rivojlantirish.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qulay biznes muhiti yaratilishi, ish o‘rinlarining ko‘payshi, mahsulotlar turi oshishi xalqimizning daromadini va farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasida OKMK tomonidan Angren shahridagi “Birinchi rezina texnika zavodi”, Toshkent shahridagi “Apiteks”, Ohangarondagi “Steel Pipe Company”, Olmaliq shahridagi “Carbon Polymer” va “Almalyk Quyuv Mexanika Zavodi” kabi korxonalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Bu import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish barobarida, ichki bozorni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga zamin bo‘layapti.
Ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash orqali ichki bozorda barqaror talab muhitini yaratish mumkin.
Shu bois oldimizda turgan dolzarb vaziflardan biri “sanoat uchburchagi” dasturi doirasidagi ishlarni yanada rivojlantirish deb hisoblaymiz.
Murojaatnomadagi kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish – kelgusi yil uchun dasturining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.
Prezident murojaatida inson kapitali, ta’lim va yoshlar siyosati ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu jihatdan xorijiy davlatlar bilan bilan ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Akademik almashinuvlar, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalar yosh avlodning bilim va tafakkur salohiyatini oshirish orqali mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bu yo‘nalishda kombinatning O‘quv markazi, Muhandislik maktabi va 2025 yilda tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabi asosiy ijrochilar bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu maktablardagi zamonaviy uskunalar, yangi texnologik jarayonlarga moslashtirilgan ilg‘or o‘qitish dasturlari orqali professional mutaxassislar qayta tayyorlanadi.
Oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari o‘quvchi va talabalari uchun doimiy amaliyotlarni tashkil etish orqali, ularni kelgusida ishga qabul qilishning "kafolatlangan ko‘prigini" yaratish ham bosh maqsad etib belgilandi.
Shuningdek, ishchilar malakasini oshirish bo‘yicha kombinatning yangi investitsiya loyihalari, xususan, yangi Mis boyitish fabrikalari uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlar ishtirokida treninglar va malaka oshirish kurslari ham muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Bu chora-tadbirlar O‘zbekistonda zamonaviy, raqobatbardosh va eng muhimi, talabga javob beradigan mehnat bozorini yaratishga qaratilgan.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Bu yo‘nalish kombinat uchun dolzarb hisoblanadi. 2025 yilda Mis boyitish fabrikalarida havoni chang, gaz va boshqa sanoat chiqindilaridan tozalashga mo‘ljallangan aspiratsiya tizimlari to‘liq rekonstruksiya qilindi.
Shuningdek, asosiy va yordamchi ob’ektlardagi 30 ta tizim mukammal va 130 ta eskirgan ventilyatsiya-aspiratsiya qurilmalari joriy ta’mirlandi. Natijada ularning ish samaradorligi 99,5 foizga yetkazildi.
Mis eritish zavodining sulfat kislota sexida chiqindilarni avtomatik tahlil qilish va monitoring qilish uskunalari o‘rnatilib, respublika bo‘yicha yagona tizimga integratsiya qilindi.
Shuningdek, Rux zavodida 180 ming tonna quvvatga ega yangi sulfat kislotasi sexini qurish yakunlanmoqda. Sex ishga tushirilgach, oltingugurt gazi atmosferaga chiqarilmasdan to‘liq ushlab qolinadi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, OKMKda qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish ishlari boshlanadi. Ushbu strategik loyihamiz amalga oshirilishi natijasida kombinatda mis ishlab chiqarish 148,5 ming tonna quvvatdan 300 ming tonna quvvatgacha yetadi. Yangi metallurgiya majmuasida "Flash Smelting" va "Flash Converting" texnologiyalari asosida ishlaydigan zamonaviy pechlar joriy etiladi. Bu texnologiya tufayli chiqindi oltingugurt gazi to‘liq ushlab qolinadi va qo‘shimcha mahsulot - yiliga 1,8 million tonnagacha sulfat kislotasi olishga yo‘naltiriladi.
“Yashil energetika”ga o‘tish bo‘yicha ham OKMKda bir qator ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda 80 dan ortiq maydonda umumiy quvvati 9 megavatt bo‘lgan quyosh panellari ishlab turibdi. Joriy yil yakuni bilan ularda 7 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu ko‘rsatkich toza energiyaga investitsiyalar samaradorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Dunyoda suv tanqisligi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda va suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqmoqda. Shu bois kobinatda ham suv havzalari doimiy ravishda tozalanib, nasos uskunalari va magistral quvurlar germetizatsiyasi nazoratda bo‘ladi.
Oltinchi ustuvor yo‘nalish - zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish.
Murojaatnomada davlat boshqaruvini raqamlashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashni tizimli ravishda kuchaytirish masalalari faqat ma’muriy islohot sifatida emas, balki jamiyatda adolat va ishonch muhitini shakllantirishning muhim sharti sifatida talqin qilindi.
Aytish joizki, byurokratiyani kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurash masalalarining qat’iy qo‘yilishi hokimiyat tizimida samaradorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan. Albatta bu yo‘nalishdagi tashabbuslarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ularning ijrosi, nazorat mexanizmlari va jamoatchilik ishtirokining qay darajada ta’minlanishiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ochiq va shaffof tizim yaratilgan bo‘lib, bu respublika va xalqaro forumlarda e’tirof etilmoqda.
Xususan, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan respublikada eng yuqori ball bilan kombinatga ESG 3-reyting darajasi berildi. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Aksilkorrupsiya forumida kombinatning faoliyati ochiqligi va shaffofligi alohida ta’kidlandi.
Kombinat “ochiqlik indeksi” bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinnni oldi. Joriy yilda aksiyadorlik jamiyatlari ichida ham eng yuqori o‘rinnni qo‘lga kiritdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo‘yicha respublika va xalqaro ISO standartlariga mosligi to‘g‘risida sertifikatlar olindi.
So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytmoqchimanki, 2025 yil 26 dekabrdagi Murojaatnoma O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar muayyan barqaror bosqichga chiqqanini, endi esa davlat siyosati sifat, samaradorlik va natijaga yo‘naltirilayotganini ko‘rsatadi. Bu hujjatni mamlakatni modernizatsiya qilish, iqtisodiy rivojlanishni ijtimoiy mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirish va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy bayonot sifatida baholash mumkin.
A.Xursanov
Olmaliq kon–metallurgiya kombinati boshqaruv raisi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.