Prezident topshirig‘i amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning sentyabr oyida “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida qarori imzolandi. Unga ko‘ra aholi xonadonlarida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatildi. Bugunga qadar Buxoro viloyati bo‘yicha 290 mingdan ortiq aholi xonadonlari zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlandi.

– Suyultirilgan gaz iste’molchilari bevosita to‘lovlarni naqd ko‘rinishda amalga oshirgan edi, – “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva. – Bugungi kunda bevosita maxsus kartalar orqali to‘lov qilinmoqda. Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi “Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bugun joylarda gaz to‘ldirish inshootlarida maishiy gaz ballonlarga yorliq (stiker)larni yopishtirish ishlari samarali tashkil etildi. Maxsus yorliqlar 17 ta raqamdan iborat bo‘lib, har bir raqam bir xillikni talab etmaydi.

Maishiy gaz balloniga yopishtirilgan maxsus yorliqdagi raqamlar telefon, refayder orqali “E-gaz” dasturiga kiritildi. “E-gaz” dasturida har bir ID-karta raqami bir iste’molchiga biriktirilgan. Ushbu dasturdan mahalla fuqarolar yig‘ini va ulardagi iste’molchilarga biriktirilgan ID-kartalar tanlab olindi. 167 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchisi bugun aynan maxsus ID-karta orqali to‘lovni amalga oshirib kelmoqda.

Raqamlashtirishning bu tizimi bilan bevosita korrupsion holatlarning oldi olinmoqda. Shuningdek, viloyatning olis hududi Olot va Jondor tumanlarida yangi gaz to‘ldirish shoxobchalari o‘z faoliyatini boshladi. Masofalar qisqardi, fuqarolar o‘z vaqtida gaz balloni bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Sohada mavjud muammolarning oldini olish, ularga tezkorlik bilan javob qaytarish uchun 2022 yilda gaz ta’minoti tizimida alohida bo‘lim sifatida “1104-call markaz” yo‘lga qo‘yildi. Kuniga 4 ta operator 24 soatlik ish rejimida o‘z faoliyatini olib borib, 100 dan ortiq murojaatlar tezkorlik bilan hal etilmoqda.

O‘tgan davr hisobida sarhisob qiladigan bo‘lsak, tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlarida aqlli hisoblagichlar o‘rnatildi, zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazilmoqda, suyultirilgan gaz iste’molchilari ham to‘lovlarni maxsus kartalar orqali amalga oshirmoqda. Mahallalarda dastlab “beshlik” tizimi joriy etilgan bo‘lsa, ushbu tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha endilikda bu mahalla “yettiligiga” aylantirildi. Bu borada “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Sohadagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyilida “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilib, mahallalarda gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, gazdan xavfsiz hamda oqilona foydalanish orqali aholi roziligiga erishish bo‘yicha maqsadli islohotlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri