Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar inson qadri uchun
14:25 / 2022-09-14

Prezidentimizning joriy yil 25 apreldagi "Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ishlayotgan tibbiyot xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yukladi.

Soha xodimlarining o‘z ustida ishlashi, aholini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga emas, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yanada yaqinlashtirish borasidagi ishlarni tashkil etishda dasturilamal bo‘lmoqda.

Zamonaviy tibbiyotda kasalliklar profilaktikasi birinchi o‘rinda turadi. Bu esa kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va davolash imkonini beradi. Birlamchi tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, xizmat ko‘rsatish kulami kengayib, kasalliklar barvaqt aniqlansa, davolash ishlari erta bosqichlarda olib borilsa sohada yuqori samaradorlikka erishiladi. Ortiqcha xarajat, resurslardan foydalanish sarfi kamayadi.

Joriy yilning o‘tgan vaqtida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 12 turdagi instrumental diagnostik, 12 turdagi laboratoriya tekshiruvlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 19 turdagi diagnostik hamda 16 turdagi, bepul laboratoriya tekshiruvlari, "Elektron poliklinika" tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bu bemor, uning yaqinlari uchun qulayliklarni yaratibgina qolmay, turli ovoragarchiliklarga barham berdi. Bemorlar shifokor qabulida navbat kutib turishiga hojat qolmadi. Shu bilan birga, vrach va oila shifokori qabulidagi bemor dispanser hisobda turish yoki turmasligi hamda nogironligi haqidagi ma’lumotlarni o‘sha muassasalarga bormay, “elektronli hukumat” tizim orqali olish imkoni yaratildi.

– 2007 yilda Sirdaryoda 161 ta sog‘liqni saqlash muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 261 taga yetkazildi, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev. – Olis, borish qiyin bo‘lgan hududlar dislokatsiyasi ishlab chiqilib, unga asosan ushbu hududlarda 35 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoki bo‘lmasa, dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi uchun ajratilgan mablag‘ 8,3 barobarga ko‘payib, 32,3 milliard so‘mga, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirish uchun ajratilgan mablag‘ 2016 yilda 156,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 522,7 milliard so‘mga yetdi.

Eng muhimi, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari qamrovini yanada kengaytirish, xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada oshirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida, umumiy amaliyot shifokorlari oilaviy shifokorga aylantirilib, bir nafar oila shifokori, 5 nafar hamshiradan tashkil topgan "Tibbiy brigada"lar tarkibi tuzildi. Viloyatdagi 236 ta mahalla aholisi uchun 421 ta "Tibbiy brigada" faoliyati yo‘lga qo‘yilib, aholi qamrab olindi.

– bugungi tibbiyot oldingi tibbiyot tizimidan tubdan farq qiladi, – deydi Boyovut tumani "Yangi avlod" mahallasida yashovchi fuqaro Nasiba Hamidova. – Bizga biriktirilgan oila shifokori va oila hamshiralarimiz bor. Ular sog‘ligimizni nazorat qilib boradi. Jiddiy muammo tug‘ilsa tumanga yo‘naltiradi.

Inson salomatligi buyuk ne’mat. Bugun oldingidan farqli o‘laroq, Sirdaryoda ham aholi salomatligini saqlash, ularga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash borasida muhim qadamlar tashlanmoqda.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA