Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar inson huquqlari, hayoti, daxlsizligi, qadr-qimmatini himoya qilishga xizmat qiladi
17:54 / 2023-03-05

Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan birinchi navbatda jamoatchilik va xalq bilan keng muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. O‘z navbatida farmonning 14-bandi adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasidagi sud-huquq tizimini isloh etishga qaratilgan vazifalarga bag‘ishlandi.

Ushbu vazifalar doirasida farmonda:

– jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish;

– jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish;  

– advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish belgilandi.

Farmonda belgilangan ushbu vazifalarning ta’minlanishi, birinchi navbatda jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan, ayblanayotgan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilagan shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarining himoyalanishi va so‘zsiz ta’minlanishini kafolatlaydi.

Jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibining joriy etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini himoyalanish huquqi bilan ta’minlash” prinsipining so‘zsiz bajarilishi va jinoyat sodir etilganlikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shaxsning bunday huquqlarini nafaqat sudlarda, balki surishtiruv, tergov organlarida ham ta’minlanishini kafolatlaydi.

Kelgusida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabining bekor qilinishi esa O‘zbekiston Respublikasida huquq himoyachilari, advokatlar sonining oshishi bilan birga oliy o‘quv yuritini tamomlagan yosh kadrlarni ish bilan ta’minlanishiga olib keladi.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar, Konstitutsiya va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, uning hayoti, daxlsizligi, qadr-qimmatini himoya qilishga xizmat qiladi.

Akmal Murodov,

Navoiy viloyati ma’muriy sudi raisi  

O‘zA