Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar ijrosi: energetika tizimida yana bir stansiya ishga tushirildi
14:46 / 2025-12-09

Energetika tarmog‘ida olib borilayotgan izchil modernizatsiya jarayonlari mamlakatimizning elektr va issiqlik ta’minoti barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan yo‘nalishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Ayniqsa, katta shaharlar infratuzilmasida zamonaviy, kam sarfli va ekologik toza kogeneratsion texnologiyalardan foydalangan holda elektr stansiyalarini barpo etish sohada qo‘lga kiritilayotgan eng muhim natijalardan biri hisoblanadi.

Shu ma’noda, poytaxtda 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli elektr stansiyasining ishga tushirilishi Toshkent shahrining energiya xavfsizligini ta’minlashda, tarmoqdagi yuklamani kamaytirishda va resurslar sarfini optimallashtirishda strategik ahamiyat kasb etadi.

Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” direktori Bekzod Bo‘ronboyev quyidagilarni gapirib berdi:

– Avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz  ravnaqi va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga qaratilgani nihoyatda ahamiyatli ekanini qayd etish lozim. Ayniqsa, qisqa davrda energetika tizimida olib borilgan ishlar  ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Bugun qanchalik ushbu manbalarga talab oshmasin, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohada tatbiq etilayotgan loyihalar buning yechimi bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda, kuni kecha Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Prezidentimiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda tashkilotimizning eng yirik va zamonaviy loyihalaridan biri – 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli elektr stansiyasi rasman ishga tushirilishi bunga yaqqol misoldir. Ushbu ob’ekt poytaxt energetik tizimi barqarorligi va ishonchliligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Ushbu stansiya Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida barpo etildi. Loyiha energiya ta’minoti barqarorligini yaxshilash, tabiiy gaz iste’molini qisqartirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Loyiha Xitoyning CNTIC, "Vpower Holdings Singapore Pte. Limited" va "Cntic Vpower Thermal Energy" kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu esa xalqaro tajriba va ilg‘or texnologik yechimlarni loyihaga muvaffaqiyatli tatbiq etish imkonini berdi.

Stansiya generatsiya maydonida 70 ta kogeneratsion gaz-porshen uskunalari, 70 ta issiqlik almashinuv modullari va 35 ta transformator o‘rnatilgan. Shuningdek, 110 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash maydonida 2 ta kuch transformatori, 9 ta elegaz ajratkich, 6 ta yuqori kuchlanishni ushlab turuvchi qurilma va 4 ta qo‘shib-ajratkich joylashtirilgan.

Yangi ob’ekt faoliyat boshlashi bilan 50 ta ish o‘rni yaratildi. Stansiya yiliga o‘rtacha 876 million kVt·soat elektr energiyasi va 784 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa 15 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida o‘rtacha 365 ming xonadon elektr energiyasi, 58 ming xonadon esa issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Bu aholi turmush sifatini oshirish, shuningdek, sanoat tarmoqlari barqaror ishlashi uchun muhim ahamiyatga ega.

Stansiyaning ishga tushirilishi poytaxt iste’molchilarini elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda navbatdagi muhim qadam bo‘lib, energiya samaradorligini oshirish va ekologik yuklamani kamaytirishda ahamiyatlidir.

E’tiborli jihati shuki, ushbu stansiyaning ishga tushirilishi energetika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarning navbatdagi amaliy samarasidir. Shu bilan birga, bu inshoot iqtisodiy rivojlanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va strategik infratuzilmani mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, mamlakatimiz energetika xavfsizligini ta’minlashda katta o‘rin egallaydi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA