Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohotlar: amaliyot, tajriba va samara
15:24 / 2023-08-26

G‘ijduvon tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida hududda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, 2023 yilning o‘tgan davrida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning holati va kelgusida belgilangan asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilangan dolzarb vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan viloyatda aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganilgan.  

Sessiya ishida dastlab ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar yuzasidan axborotlar tinglandi.  

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning joriy yil 26-27 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga hamda 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashriflari mobaynida respublikamiz hududlarida huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish borasida bir qator  vazifalar belgilab berdi.  

Shu nuqtai nazardan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Xalq deputatlari Buxoro viloyati va G‘ijduvon tumani kengashlari deputatlaridan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan joriy yilning 12-23 avgust kunlari G‘ijduvon tumanida  huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqdi.  

O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, tumandagi mavjud 75 ta mahalladan 1 tasi, ya’ni  Pomo‘za mahallasi oxirgi besh yilda jinoyat sodir etilish salmog‘i yuqoriligicha qolayotgani, bundan tashqari Baraka, Ko‘kcha, A.G‘ijduvoniy, Sharq mahallalari oxirgi uch yilda muttasil ravishda “qizil” toifada bo‘lib kelganligi ma’lum bo‘ldi.  

Afsuski, tumandagi 75 ta mahalladan 19 tasi “qizil”, 24 tasi esa “sariq” toifaga kiritilgan.  “Yashil” toifadagi  mahallalar esa 32 tani tashkil etadi.  

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 7 oyda yoshlar tomonidan 115 ta, xotin-qizlar tomonidan 59 ta jinoyatlar sodir etilgan. Ushbu jinoyatlarning sodir etilishiga mahalladagi beshlik tomonidan hududda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha manzilli profilaktik ishlar yetarli darajada  yo‘lga qo‘yilmaganligi ham sabab bo‘lmoqda. Mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanilmayotgani ham o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga   imkon   bermayapti.  

Xususan, 17 ta inspektor - psixolog shtat birligidan 1 tasi vakant, 4 nafari maktab bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etilgan bo‘lsa, 9 nafari tajribaga ega bo‘lmaganligi oqibatida kutilgan natijaga  erishish imkonini bermayapti. Bundan tashqari, maktablarda 25 mingdan ortiq qizlar tahsil olayotgan bo‘lsa-da, ayol inspektor-psixologlar atigi 2 nafarni tashkil   etmoqda.  

Shuningdek, sessiyada tumanda yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi ham muhokama etildi.  

[gallery-13279]

–Huquqbuzarlikni oldini olish va jinoyatlikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarimizda hali ko‘p kamchiliklar borligini bugungi sessiya yig‘ilishidagi muhokamalar yaqqol ko‘rsatdi, – deydi Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashi deputati Sh.Haydarov. – Jinoyatlarning hammasi ochilmayotgani ayniqsa, o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarining kamaymayotganligi albatta, aholi o‘rtasida savollar keltirib chiqarmoqda. Buning sabablari nimada, nima choralar ko‘rishimiz kerakligi bugun deputatlar muhokamasiga olib chiqilganligi to‘g‘ri bo‘ldi. Mening fikrimcha, sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etgani hamda parlament qo‘yi palatasining faoliyati haqida yaqindan tanishganimiz va tajriba almashganimiz ayni muddao bo‘ldi. Barcha darajadagi deputatlarning hamkorligi albatta vakillik organlari faoliyatining samarasini oshiradi.  

Sessiyada Prezidentimizning 2023 yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasida bir qator topshiriqlar berilgani ta’kidlandi. Ushbu vazifalarning ijrosi doirasida G‘ijduvon tumanida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  

Tumanda 2023 yilning yetti oyida 23,7 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan. Yo‘nalishlar kesimida taqsimlaganda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish  dasturi doirasida 4142 ta fuqarolarga 89 246 million so‘m kredit mablag‘i, 1767 nafar fuqarolarga 691,96 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari ijara huquqi asosida ajratildi, 15548 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishlarida bandligi ta’minlandi. 2286 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yakka tartibdagi tadbirkorlik ro‘yxatidan o‘tkazildi.  

Tumanda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, iqtisodiy islohotlarga jalb etish borasida ishlash istagi bor 9998 nafar ishsiz xotin-qizlar mavjud bo‘lib, 9313 nafar xotin qizlarning bandligi ta’minlandi. Jumladan, 695 nafar xotin-qizlar tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida xotin-qizlar tadbirkorlik markazida o‘qitildi. Chorsu, Degrezon, Pomo‘za, A.G‘ijduvoniy, Paxtaobod mahalla fuqarolar yig‘inlarida bandlik va salomatlik markazlari tashkil etildi.  

Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni  va mavqeyini yanada mustahkamlash maqsadida turli sohalarda mehnat qilayotgan 10 nafar boshqaruvchilik qobiliyati bor xotin-qizlar ro‘yxati Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasiga taqdim etildi va 2 nafari Davlat boshqaruv akademiyasida o‘qitildi. “Milliy dastur”ga muvofiq xotin-qizlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.  

Mahallalarni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha avgust-dekabr oylarida jami 15540 nafar aholini, jumladan 8886 nafar migrantlar, 692 nafari ishsiz fuqarolar va 5962 nafar bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, hozirda tumanda 6,5 ming fuqarolar ishsiz va 3556 nafar fuqarolar kam ta’minlangan sifatida ro‘yxatga olingan.    

G‘ijduvon tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish  sohasida boshqa tumanlarga nisbatan imkoniyatlar keng bo‘lsada, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yetarli, deb bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqqan holda mutasaddi idoralar rahbarlarining bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirish talab etiladi.  

Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi a’zolarining ham muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr va mulohazalari, takliflari eshitildi.  

Xususan, yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati haqida, shuningdek, Prezidentimizning Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.  

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.    

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA