Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ISLOHOT: O‘zbekistonda o‘tkazilgan sinovlar natijasi dunyoning 116 mamlakatida tan olinadi
20:13 / 2023-03-23

Mamlakatimiz iqtisodiyoti samaradorligini oshirish, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning ishonchliligi, xavfsizligi, foydalanishda qulayligi va sifatini ta’minlashda texnik jihatdan tartibga solishning ahamiyati muhim hisoblanadi.

Sohada so‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar va ularning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning natijalari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda texnik tartibga solish faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) bosh ilmiy xodimi Mirhamid To‘rayev quyidagicha ma’lumot berdi.

– Har bir davlatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida islohotlar muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi M.To‘rayev. – Xuddi shu kabi texnik tartibga solish faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda.

Ushbu sohada mahsulotlar, ishlar, xizmatlarning sifati va xavfsizlik talablariga rioya qilinishi va iste’molchilar huquqlarini noto‘g‘ri o‘lchash natijalarining salbiy oqibatlaridan himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish o‘ta muhim hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, 2017-2022 yillarda texnik tartibga solish sohasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlatimiz rahbarining qarorlari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu hujjatlar ijrosi bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro standartlarni, shu jumladan, sifat menejmenti tizimi bo‘yicha xalqaro standartlarni qo‘llash asosida mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga doir yagona davlat siyosati olib borilmoqda.

Albatta, PMTI ekspertlari har bir soha kabi texnik tartibga solish yo‘nalishidagi islohotlar natijasini tahlil qilib, ular asosida o‘zining takliflarini taqdim etadi. Yaqinda olimlarimiz tomonidan o‘tkazilgan tahlil shu sohaga bag‘ishlandi.

So‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida huquqiy asoslar yanada mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.

Shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “ye-standart”, “ye-metrologiya” va "ye-akkreditatsiya" axborot tizimlari ishlab chiqildi. Ahamiyatlisi, xalqaro talablarga uyg‘unlashtirilgan standartlar soni 19,5 mingtaga yetdi va umumiy standartlar sonidagi ulushi 10 foizdan 80,4 foizgacha oshdi. Joriy qilingan xalqaro texnik reglamentlar soni 4,8 marotaba, ya’ni 12 tadan 57 taga yetkazildi.

ISO 9001 xalqaro standartiga muvofiq eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli sohalarda faoliyat yurituvchi 4961 korxonada Sifat menejmenti tizimlari joriy etildi. Mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan “Korxonabay” tizimining tatbiq etilishi tadbirkorlik sub’ektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikning aniq mexanizmlaridan foydalanish imkonini berdi.

Tadbirkorlar faoliyati mazkur sohadagi o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Yuritmizdagi 14,9 mingta korxonada standartlashtirish va metrologiya bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilib, 1,4 ming turdagi mahsulotni sertifikatlash yo‘nalishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, yangi uskunalar bilan ta’minlandi. 4 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. 13 ta yangi laboratoriya tashkil etildi.

Bu kabi sohadagi islohotlar samarasida "O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat unitar korxonasi Xalqaro laboratoriya akkreditatsiyasi tashkilotining to‘liq a’zoligiga qabul qilindi. Endilikda O‘zbekistonda o‘tkazilgan sinovlar natijasi dunyodagi 116 ta mamlakatda tan olinadi. O‘z navbatida, Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, Global GAP, Organic, CE va boshqa xalqaro standartlar to‘qimachilik sohasidagi 157 ta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektoridagi 225 ta, elektrotexnika tarmog‘idagi 53 ta korxonada joriy etilgan.

Eng muhimi, jahon standartlariga mos holda shakllangan texnik jihatdan tartibga solish sohasi bundan keyin ham tarmoqlar va umuman O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada samarali rivojlantirish, iste’molchilar huquqini himoya qilishda ko‘mak bera oladigan ishonchli tizimga aylanib ulgurdi. Bu jarayonda islohotlar zamiridagi mustahkam huquqiy asoslarning o‘rni beqiyosdir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi