Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islohot: odil sudlov – inson manfaatlari himoyasi
14:08 / 2022-03-01

Barcha rivojlangan davlatlarda ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmni joriy qilish dolzarb vazifa sifatida belgilangan.

Mamlakatimizda ham mana shunday mexanizmlardan biri o‘laroq yangi tashkil topgan ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirishga oid keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etilib, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatildi. 

Yangi tashkil etilgan tumanlararo ma’muriy sudlar ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Yangidan shakllantirilgan ma’muriy sudlarga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 26-moddasi talabiga asosan, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, ma’muriy va boshqa ommaviy - huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqli.

Hozirga kelib ma’muriy sudlar ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazifalarini bajarib, o‘z navbatida sudning ma’muriy idoralar ustidan nazarati institutini ta’minlamoqda. 

Fuqarolik kodeksining 15-moddasi talabiga binoan, davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqaroni o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Shuningdek, zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, sudning qarori bilan zararning o‘rnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkinligi belgilangan.

Ma’muriy sudning sudloviga davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ommaviy huquqiy munosabatdan kelib chiquvchi qarorlari shuningdek, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan nizolashishga oid ishlar taalluqli bo‘lsa-da, davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararni undirish fuqarolik yoki iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi qonunda belgilangan edi. Mazkur nizolarning sudlovga taalluqliligiga oid mazkur qonun talabi fuqaro va yuridik shaxslarni sarson bo‘lishi va bir suddan boshqa sudga murojaat etishiga majbur qilar edi. 

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 29 yanvar kuni “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda ular huquqlari, qonuniy manfaatlari samarali himoya qilish hisoblanishi ta’kidlangan holda, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan bir qator tartiblarni protsessual qonun hujjatlarida belgilash nazarda tutildi.

Qaror bilan ma’muriy sudning sudloviga taalluqli ishlar doirasini kengaytirib, fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham bildirish huquqini berish, bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. 

Bunda ma’muriy sudning sudloviga taalluqli ekanligi belgilanayotgan zarar undirishga oid talab bevosida ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan unga sababiy bog‘lanishda bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Shu o‘rinda zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi, (haqiqiy zarar), shuningdek, bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy bergan foyda) tushuniladi. 

Shu bilan birga, mazkur qaror bilan shunday tartib belgilanmoqdaki, eng avvalo fuqarolarni va tadbirkorlarni sudda ortiqcha sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida sudlar tomonidan da’vo ariza, ariza va shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, mazkur holatda da’vo ariza, ariza, shikoyat yoki ishlarni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish yo‘li orqali yagona darcha tamoyilini sudlarga joriy etish belgilanmoqda.

Islohotlardan ko‘zlangan maqsad, adolat va qonun ustuvorligi ta’minlash, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan. 

Umida Nishonova,

Namangan viloyati ma’muriy sudining sudyasi.

O‘zA