Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islandlar yana bir bor hamjihatlik namunasini koʻrsatdi
20:01 / 2020-04-22

Bu haqda orol-davlat hukumati saytida maʼlum qilingan.


Islandiya kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek innovatsiyalarni ragʻbatlantirish hamda aholining ehtiyojmand qatlamiga koʻmaklashish maqsadida mamlakat iqtisodiyotiga qoʻshimcha 420 million dollar kiritishga qaror qildi. Bu haqda orol-davlat hukumati saytida maʼlum qilingan.

Xabarda, jumladan Islandiya Bosh vaziri Katrin Yakobsdouttirning quyidagi soʻzlari keltirilgan: “Soʻnggi oylar va haftalar davomida Islandiya xalqi dahshatli ofat qarshisida oʻziga xos birdamlik, ajoyib matonat va oqillik namunasini koʻrsatdi. Ushbu qadam mamlakatda ishchi oʻrinlarini saqlab qolishga qaratilgan ustuvor vazifalarimiz inʼikosidir”!

Moliyaviy koʻmak birinchi navbatda innovatsiyalar sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalarga beriladi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bilan band boʻlgan tuzilmalarga salmoqli miqdorda investitsiya kiritiladi.

Bundan tashqari cheklov choralari tufayli ishni toʻxtatishga majbur boʻlgan kichik va oʻrta biznes subyektlari, shuningdek aholining muhtoj qatlami, masalan talabalar yoki ish qidirayotganlarga ham koʻmak ajratiladi. Xususan, talabalar uchun 3 mingta vaqtinchalik ish oʻrni yaratish uchun 15 million dollar yoʻnaltiriladi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra Islandiyada 1778 kishida COVID-19 virusi aniqlangan. Ulardan 1417 nafari sogʻaygan, 10 bemor vafot etgan.

Koronavirusdan misli koʻrilmagan darajada katta talofat koʻrayotgan koʻhna qitʼaning aksariyat davlatlari uchun bu raqamlar ibrat boʻla oladi.

Zero, futbol boʻyicha jahon va Yevropa chempionatlarida bir necha bor moʻjazgina ushbu mamlakat terma jamoasi hamda ishqibozlari timsolida islandlar qay darajada ahil, hamjihat, vatanparvar va oqil xalq ekaniga guvoh boʻlganmiz. COVID-19 kasalligiga qarshi kurashda erishilayotgan natijalar ham aynan mamlakat hukumati hamda sogʻliqni saqlash tizimi rahbarlari tomonidan qoʻyilgan talablarga boʻysingan holda, vaqtincha belgilangan tartiblarga qatʼiy rioya qilingani samarasi ekani shubhasiz.