Qo‘qon shahrida 2025 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bahordayoq boshlangan edi. Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi qaroriga asosan shahardagi 147 ta ijtimoiy soha ob’ektini issiqlik bilan ta’minlashga tanlov asosida “Uchko‘prik issiqlik qurilish montaj ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Xususiy sherik” deb belgilangan.
Avvalo, xususiy sherik tanlashdagi talabchanlik haqida. U o‘n yildan buyon qozonxonalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va nihoyat sohada no xau – sig‘imli va “aqlli”qozon yaratdi. Ularni yetarlicha ishlab chiqarib, Qo‘qondagi barcha maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda shifoxonalar hududlariga o‘rnatdi. Buning uchun teng miqdorda 11,8 mlrd so‘mdan byudjet va xususiy sherik mablag‘i sarflandi.

– Korxonamiz isitish qozoni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, —deydi uning rahbari Shuhrat Qalandarov. — 30 kilovatdan 1 megovattgacha bo‘lgan qattiq yonilg‘iga mo‘ljallangan isitish qozonlarini ishlab chiqaramiz. Bir yilda 20 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berdik.
Bugun Qo‘qondagi qaysi ijtimoiy soha manziliga bormang, bino xonalarida mo‘’tadil issiqlik ta’minlangan. Masalan, shahardagi 1-maktabda avvalgi yillar qish mavsumida jiddiy muammolar uchrar edi.

– Maktabimizda 2600 nafar o‘quvchi bor. Avval 13 ta qozonxona bo‘lgan. Har biriga ko‘mir tashib borib solinar edi. Davlat xususiy sherikchilikka o‘tilganidan keyin bizga “aqlli”qozonxonalar o‘rnatishdi. Hozirgi paytda 81 ta sinfxonada mo‘’tadil harorat ushlab turilibdi, – deydi maktab direktorining o‘rinbosari Sanjar Solijonov.

Xo‘sh, “aqlli”qozonxona yana nimasi bilan afzal? Qo‘qon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, masalan,o‘sha 1-maktabning o‘zida:
– O‘rtacha har bir nasosga 3 kilovattdan elektr energiya ishlatilgan. 14 tada esa soatiga 30-40 kilovattdan elektr energiya sarflangan, ¬– deydi Shuhrat Qalandarov. – Biz tizimlarni o‘zgartirib bittasiga 300-700 vatt energiya sarflaymiz. Ilgari suvni yuqoriga majburan olib chiqilgan bo‘lsa, endigi tizim issiqlik faqat yuqoriga harakat qilishi prinsipi asosida bo‘lgani uchun suv o‘z bosimi bilan 1-5 qavatga ko‘tariladi va xonalarni mo‘’tadil bir maromda isitadi. Bu bilan har bir ob’ektda 30 kVtdan elektr energiyasi iqtisodiga erishiladi. Shahar miqyosida esa 3,5 mlrd so‘mlik 3,5 mln kilovatt soat elektr energiya tejab qolinmoqda.

2025-2026 yilda qish mavsumida bironta ijtimoiy manzilda muammo bo‘lmaydi, deydi hokimlik mas’ullari. Bu qanchalar yoqimli xabar.
Davlat xususiy sherikchilikdagi Qo‘qon tajribasi va uning isitish tizimidagi yangiligi mamlakat bo‘ylab qo‘llanilsachi?
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/uLZ17z0khiI?si=6CRACO83-Pms3FZz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video,surat), O‘zA