Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isitish radiatorlari import emas, eksport qilinadi
15:11 / 2025-07-16

O‘zbekiston qurilish mamlakatiga aylandi. Qayerga bormang, biri-biriga o‘xshamas me’moriy yechimdagi osmono‘par binolar, zamonaviy uy-joylarni ko‘rasiz. Shu asnoda O‘zbekistonda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish turlari keskin ortdi. Hatto ular qatoridan endi isitish panellari ham joy oldi.

Yaqin-yaqingacha uyimizda isitish uchun cho‘yandan quyilgan qovurg‘ali  radiator bo‘lar edi. Undan keyin Turkiyada ishlab chiqarilgan isitish panellarini ancha pulga sotib oldik. Mana endi O‘zbekistonda, o‘zimizda shunday panellar ishlab chiqarilyapti.  

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon iqtisodiy zonasida faoliyatini boshlagan mazkur korxona avvalroq ishga tushgan Toshkentdagiga nisbatan bir yarim barobar yuqori quvvatga ega. “Thermo Tech” korxonasini farg‘onalik taniqli tadbirkor Ziyoviddin Yunusov ta’sis etdi. Bu loyiha qiymati 35 million dollar bo‘lib, besh millioni ta’sischining ulushi sifatida qo‘shilgan bo‘lsa, qolgan qismiga Italiya va turkiyalik hamkasblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritdi. Bu avvalo O‘zbekistonga, undagi iqtisodiy, huquqiy islohotlarga bo‘lgan ishonch edi.

– Korxonaning bir yillik quvvati 800 ming pogonometr. Bu 800 mingtadan 1 milliontagacha  radiator ishlab chiqarish degani, – deydi korxona ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Qurbonov. –Uskunalarimiz robotlashgan va avtomatlashtirilgan tizimda ishlashini hisobga olganda sifati birdek o‘zgarmaydi va yuqori darajada bo‘lib qoladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz Yevropa standartlariga mos keladi. Bo‘yoqlarimiz esa Turkiyadan keltiriladi. Korroziyaga qarshi chidamlilik darajasi yuqori va u uzoq yillar xalqimizga xizmat qiladi, degan umiddamiz.  

“Thermo Tech” mutasaddi va mutaxassislarining mahsulot sifati haqidagi ishonchli so‘zlari amalda isbotini topmoqda. Bu yerda har bir panel alohida shartlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.

– Payvandlangan radiatorlarni sinovdan o‘tkazamiz, – deydi operator Fozil Boymurodov. – Bu jarayonda 11-12 atmosferada havo bosimi beramiz. Yaxshi holati aniqlangach bo‘yoqxonaga yuboramiz.

Texnologik jarayon shundayki, Rossiya va Xitoydan keltirilgan metall o‘ramalari buyurtmachi talabiga ko‘ra uzunlikda kesib olinadi va o‘nlab robotlar ijrosida tayyor mahsulotga aylanadi. Bunda payvandlash jarayoni muhim. Uni ham robot mashinalari bajaradi va sifatini tekshiradi.

– Payvandlash liniyamiz Italiyaniki, – deydi Bahodir Qurbonov. – Qolgan uskunalar Xitoy va Turkiyadan olib kelindi. Ularning 90 foizi avtomatlashtirilgan va robotlashtirilgan tizimda ishlaydi. Mutaxassislar ishchilarimizni Italiya va Turkiyadan kelib o‘qitishdi. Shundan so‘ng, ya’ni bilim va tajribalari oshgach korxonamiz ish boshladi.

“Thermo Tech” yiliga 600 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni rejalangan. Uning 25 foizi esa jumladan, Yevropaga eksport qilinadi. Buning uchun avvalo yuqori sifat bo‘lishi lozim.

– Avvalo shuni aytishim kerakki, bu liniya Yevropada ham eng samaradoridir. Yoki, yiliga turli o‘lchamdagi 900 ming dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi italiyalik muhandis Mirko. – Hatto Xitoy va Rossiyadagi liniyalar ham yiliga 600 mingtadan oshira olmaydi. Qolaversa sifat koefitsenti ham ularga nisbatan ikki barobar yuqori. Aynan shuning uchun radiatorlarga dunyo bozorida talab ortmoqda.

– Bu kabi murakkab, robotlashgan liniyani boshqarish maxsus bilim va ko‘nikma talab etadi, – deydi turkiyalik texnolog Metin. – Shuning uchun yoshlarni mukammal o‘qitdik. Mana endi ularning o‘zlari barcha jarayonni nazorat qilmoqda.

Ha, iqtisodiy erkinlik va islohotlar tufayli ko‘plab sohalarda O‘zbekiston import qiluvchidan eksportchi mamlakatga aylandi. Mana endi ular qatoriga isitish radiatorlari ham qo‘shildi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/OWfZS5AZ3F4?si=o2jyPsSNP2VJXW-F" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov