Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishtixonda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyati takomillashmoqda
11:27 / 2025-06-05

Shu yilning 7 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi e’lon qilingandi. Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi va shu yilning o‘zida Samarqand viloyatining Ishtixon va Bulung‘ur tumanlari hamda Samarqand shahrida, qolgan viloyatlarning bittadan tumanida joriy qilinishi belgilandi.

19 may kuni qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida yangi tizimni yo‘lga qo‘yishning aniq tartib va muddatlari belgilab berildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida vaziyatni chuqur tahlil asosida tushuntirib, eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayotgani, tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgani, aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingani holda bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi sezilmayotgani tanqid qilindi.

[gallery-23766]

– Shu paytgacha tumanimizdagi 282 mingdan ortiq aholiga tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1 ta markaziy, 4 ta oilaviy poliklinika, 9 ta oilaviy shifokorlik punkti va 23 ta mahalla tibbiyot punki orqali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinardi, – deydi Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Abdurazzoqov. – Prezidentimizning videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan vazifalari hamda 19 mayda qabul qilingan farmon asosida endilikda ushbu muassasalar maqbullashtirilmoqda. Belgilanganidek, endi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, ya’ni 3000 nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatadigan muassasalar oilaviy poliklinika filiali, 12 ming nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatadiganlari 1-tipdagi oilaviy poliklinika va 12 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan muassasalar 2-tipdagi oilaviy poliklinika sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Yangi tizim bo‘yicha tumanimizda 15 ta 1-tipdagi oilaviy poliklinika, 9 ta 2-tipdagi oilaviy poliklinika va ularning 6 ta filiali tashkil etildi. Bu muassasalar raqamli tizimda faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘liq internet aloqasi bilan ta’minlandi, zamonaviy platformalarga ulandi. Shtatlar va qo‘shimcha tibbiy jihoz, uskunalar bilan ta’minlash masalalari hal etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Ishtixondagi tibbiyot muassasalariga respublika va viloyatdagi tibbiy markazlar, Samarqand davlat tibbiyot universiteti biriktirilib, ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazmoqda, shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni o‘rgatmoqda.

– Qisqa vaqt ichida respublika va viloyatdan kelgan mutaxassislar ko‘magida aholining 90 foizi xatlovdan o‘tkazildi, – deya so‘zida davom etadi B.Abdurazzoqov. – Tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, aholining 30 foizida turli kasalliklar aniqlandi va ularni tuman, viloyat va respublika shifoxonalarida davolash choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda bunday ko‘riklar davom etmoqda. Jumladan, tuman markaziy shifoxonasida Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari mobil angiograf apparati yordamida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ko‘rikdan o‘tkazib, shu yerning o‘zida karonografiya amaliyotini bajarmoqda, zaruratga qarab tegishli muassasalarga yo‘naltirmoqda. Viloyatdan kelgan mutaxassislar esa ikkita mammograf apparati orqali Ishtixon va Nurli hayot oilaviy poliklinikalarida 45 yoshdan oshgan ayollar skrining tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Shu paytgacha 4 nafar ayolda onkologik kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, davolash choralari ko‘rilmoqda. Viloyat ftiziatriya shifoxonasi vrachlari mobil flyurografiya apparati yordamidagi tuman markazidan 35 kilometr olisdagi Zarband oilaviy poliklinikasida aholini tekshiruvdan o‘tkazyapti. Bu yerda ham 2 nafar bemorda kasallikning dastlabki belgilari aniqlandi.

Poytaxtimizdagi Milliy tibbiyot markazining tuman markaziy shifoxonasi hududida joylashtirilgan mobil angiograf qurilmasi orqali kuniga o‘nlab bemorlar tekshiruvdan o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. 

– Videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida uch haftadan buyon Ishtixonga kelib, aholini kardioskriningdan o‘tkazyapmiz, – deydi Milliy tibbiyot markazi mutaxassisi Aziz G‘aniyev. – Bu yerda EKG, EXO, laboratoriya tekshiruvi, kardiolog ko‘rigi tashkil etilgan. Shu paytgacha 1,5 ming kishi skring tekshiruvidan o‘tkazilib, 480 kishida karonografiya amaliyoti bajarildi. Shuningdek, 150 nafarga yaqin bemorda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti o‘tkazish tavsiya etildi. Yurak-qon tomir kasalliklarini aniqlash, erta o‘limning oldini olishda eng muhim tekshiruv usuli hisoblangan bu jarayonlar hech qanday to‘lovlarsiz, imtiyozli tarzda o‘tkazilmoqda.

Xumo mahallasida yashovchi Zumrad Quvondiqova yurak og‘rig‘i va qon bosimi oshishi tufayli markaz mutaxassislari ko‘rigidan o‘tish uchun kelganini bildirdi.

– Tibbiyotda zarbdor 90 kunlik o‘tkazilayotgani va tumanimizga respublikadan tajribali vrachlar jalb etilganini eshitib, ko‘rikdan o‘tish uchun keldim – deydi Z.Quvondiqova. – Bu xalqimiz uchun juda katta qulaylik, g‘amxo‘rlik. Chunki hamma ham vaqt yoki mablag‘ topib, viloyat markaziga, Toshkent shahriga bora olmaydi. O‘sha yerdagi mutaxassislarning tumanimizga kelib, bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazayotgani davlatimizning biz fuqarolariga juda katta e’tibori samarasi deb bilaman.

Shu paytgacha Yangikent oilaviy shifokorlik punkti sifatida Yangikent va Chaqar mahallalarining 10 mingdan ortiq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatgan muassasa yangi tizim asosida Bo‘ston oilaviy shifokorlik punkti ham qo‘shilib, oilaviy poliklinikaga aylantirildi. 

– Muassasamizda 34 nafar xodim ishlar edi, endi jamoamiz kengayib 50 nafarga yetishi kutilmoqda, – deydi Yangikent oilaviy poliklinikasi mudirasi Shahnoza Qo‘chqorova. – Jumladan, 4 nafar oila shifokori, UTT uskunasi va vrach, rentgen apparati va vrachi, pediatr ajratilishi belgilangan. Barcha shtatlarga vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari jalb qilinadi, tibbiy brigadalarimiz ishi takomillashadi. Bu albatta, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyotda o‘zgarish qilish bo‘yicha 90 kunlik belgilanishi va bizning tumanimizga alohida e’tibor qaratilishi natijasida hududimizga biriktirilgan Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutaxassislari ko‘magida dastlabki xatlov o‘tkazdik. Bu jarayonda aholini yoshi, kasalliklarga moyilligi, nogironligi bo‘lgan va boshqa mezonlar asosida 4 toifaga ajratib, ko‘rikdan o‘tkazdik. 57 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘rtinchi guruhga kiritildi. Qandli diabetga chalingan 68 nafar bemor ro‘yxati shakllantirildi. Endi poliklinikamizga ko‘chma mammograf va rentgen apparatlari keltirilib, 3 va 4 guruhga kiritilgan aholini yana tibbiy ko‘rikdan o‘tkazamiz.

Tumanda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish sifatini yaxshilash bilan birga odamlarning tibbiy madaniyatini oshirish, xonadonlarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada doimiy tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/KwTAhb4ovEY?si=asA2C_elZ2U7sclr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video), 

O‘zA muxbirlari