Joriy yilning 13-21 fevral kunlari Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, yigirmaga yaqin vazirlik va idoralar, sektor rahbarlaridan iborat Respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi 62 ta mahallada o‘rganishlar olib bordi.
Unga ko‘ra, aniqlangan 10 mingdan ortiq muammoli masalalarning qariyb 7,5 mingga yaqini joyida hal etildi, 3 mingga yaqini esa ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi. O‘rganishlar davomida asosiy e’tibor hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu bilan ishsiz aholini doimiy ish bilan ta’minlash, real daromadini oshirishga qaratildi. Ayni bu borada hududning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, lider tadbirkorlar faoliyatini kooperatsiya aloqalari orqali aholining ishsiz qatlamiga biriktirish va bandligini ta’minlashga erishildi.
Xususan, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 6,2 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgani 235 nafar fuqaroning o‘z tadbirkorligini boshlashi uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
Xalqni o‘ylantirib kelayotgan ichki yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq eng birlamchi hayotiy masalalarga ham yechim topish choralari ko‘rildi. Bu jarayonda 91,7 km. ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 2 km. yo‘lga asfalt yotqizildi. Yangi transformator o‘rnatilib, eskilari ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 474 dona beton ustunlar o‘rnatildi, 13,2 km. yangi elektr kabeli tortildi.
Chaqar mahallasining Xo‘jamurod qishlog‘ida yildan-yilga aholi sonining ortib borishi natijasida turli uzilishlar kuzatilayotgani, qo‘shimcha ravishda transformator o‘rnatish lozimligi aniqlangandi. Shundan so‘ng, 30 dan ortiq qo‘lbola simyog‘ochlar temirbeton tayanch ustunlarga almashtirildi. 160 kilovatli yangi transformatorning o‘rnatilishi bilan 138 ta xonadonning elektr energiya ta’minoti yaxshilanadigan bo‘ldi.
Shuningdek, Ishtixon tumanining "To‘por", "Namuna", "Shayxislom", "Qayirma", "Yo‘g‘ontepa", "Mirishkor", "Zarband", "G‘ofur G‘ulom", "Azamat" mahallalarida ham 6 ta suv inshootlarini qurish, 16,2 km.li ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada ushbu mahallalarda yashovchi 3 mingga yaqin aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 1250 nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
O‘rganishlar doirasida tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlari, ta’lim muassasalarining ahvoli, moddiy ta’minotidagi muammolar ham o‘rganildi. Xususan, 5 ta maktabga badiiy adabiyotlar to‘plami berilgan bo‘lsa, 2 ta maktabga 21 million so‘mlik elektron doska va quvvati 15 kVt bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatildi. 12 ta maktabga esa 119 million so‘mlik, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 124 million so‘mlik zaruriy jihozlar va o‘quv partalari topshirildi. 5 ta maktabning elektr kabellari ta’mirlandi, 1 tasida yangi qozonxona qurildi. 149 nafar ehtiyojmand oila farzandlarining maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli ravishda qabul qilinishi tashkil qilindi.
Bandlik masalasida ham muammolar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davomida 725 nafar fuqaroning bandligiga ko‘maklashildi. 258 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 249 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 218 nafari o‘zini o‘zi band qilishi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ishtixon mahallasida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 96 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, 90 nafar ishsiz fuqaroga tikuv mashinalari, motokultivatorlar tarqatildi. 349 nafar “Yoshlar daftari”da bo‘lgan yigit-qizlarga 514,2 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida Ishtixon tumanidagi o‘rganishlari xonadonlargacha kirib borish, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni eng birlamchi nuqtada aniqlab, ularga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi. Hududda aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish maqsadida esa aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
O‘zA