Qisqa fursat – 5-6 oyda bir tizimda o‘zgarish qilish, xizmat sifatini oshirish mumkinligiga bugun ishtixonliklar ishonadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap tibbiyot sohasi, tumanda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini faoliyatini takomillashtirish borasida boshlangan ishlar va uning natijalar haqida bormoqda.
Shu yilning 7 may kuni davlatimiz rahbari tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Bu tizim Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida shu yilning o‘zida birinchilar qatorida joriy qilinishi belgilandi. Ishlarni jaddalashtirish uchun “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi e’lon qilindi.
Yangi tizimni yo‘lga qo‘yish, Prezident qayd etgan vazifalarni amalga oshirish uchun Ishtixon tumaniga poytaxtdan mutaxassis yuborishga qaror qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligida departament rahbari sifatida ishlab kelayotgan Sunnatulla Safarov bu vazifani bajarishni o‘z zimmasiga oldi.
– Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining ishonchiga munosib tibbiyotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan farmon va qarorlari loyihalarni tayyorlashda o‘z takliflarimizni berganmiz, ular asosida dasturlar ishlab chiqishda qatnashganmiz, – deydi Samarqand viloyati Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri Sunnatulla Safarov. – Shuning uchun 19 may kuni qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosini quyi tizimda turib ta’minlash maqsadida Ishtixonga kelib, ish boshladim. Videoselektor yig‘ilishida, qolaversa, farmonda yangi tizimni yo‘lga qo‘yishning aniq tartib va muddatlari belgilab berilgan edi. Talab qilinadigani – vazifalarni sifatli, o‘z muddatida bajarish. Shu yilning may oyi holatida ishtixonlik 282 mingdan ortiq aholiga tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1 ta markaziy, 4 ta oilaviy poliklinika, 9 ta oilaviy shifokorlik punkti va 23 ta mahalla tibbiyot punki orqali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Tizimdagi islohotlar ushbu muassasalarni maqbullashtirishdan boshlandi. Biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, 29 ta oilaviy poliklinika va filiallar tashkil etildi. Ya’ni 9 ta ikkinchi tipdagi (12 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan), 16 ta birinchi tipdagi (12 ming nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatadigan) va 4 ta (3000 nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatadigan) filiallar faoliyat boshladi. Hatto, tumanimizning eng chekka, markazdan 45 kilometr olisdagi, 700 nafar aholi yashaydigan hududida ham oilaviy poliklinika filiali tashkil etildi. Bu muassasalar raqamli tizimda faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘liq internet aloqasi bilan ta’minlandi, zamonaviy platformalarga ulandi. “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” doirasida poliklinika va filiallarda aholi va tibbiyot xodimlari uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratildi. Hatto qo‘l yuvish uchun sharoit bo‘lmagan muassasalar bor edi. Binolarga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham erkin harakatlangan holda kelib-ketishlari uchun imkoniyat yaratishga e’tibor qaratildi.
Respublika ixisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va viloyatdagi yetakchi tibbiy mmuassasalar xodimlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari yordamida tumanda xatlov o‘tkazib, aholining barcha qatlami salomatlik holati haqidagi ma’lumotlar elektron bazaga kiritildi. Xatlov natijasida 21 foiz aholi u yoki bu kasallik bilan nazoratda turishi aniqlandi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha bemorlar reja asosida markaziy shifoxonaga yo‘naltirildi va davolash choralari ko‘rildi.
– Birlamchi bo‘g‘indagi islohotlardan maqsad tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, avvalo oilaviy poliklinkaning o‘zida aholiga zarur tibbiy yordamni ko‘rsatish imkoniyatini yaratish edi, – deya so‘zida davom etadi Sunnatulla Safarov. – Buning uchun oilaviy poliklinikalar zamonaviy tibbiy uskunalari bilan ta’minlanishi, malakali tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatishi lozim. Shu maqsadda 10 ta poliklinikaga UTT, 5 tasiga rentgen apparatlari berildi. Markazlashgan laboratoriya tizimi yo‘lga qo‘yilib, poliklinikalarda olingan qon tahlillari markaziy shifoxonadagi laboratoriyada 18 xil tekshiruvdan o‘tkaziladi. Maxsus avtomashinalar har kuni to‘rt yo‘nalishda poliklinikalardan tekshiruv uchun olingan qon namunalarini laboratoriyaga olib keladi va tahlil natijalari bir soat ichida DMED yagona elektron axborot tizimiga kiritilib, shu orqali oilaviy shifokor va fuqaroga yetkaziladi. Islohotlar boshlangan paytda kadrlar masalasi ham og‘ir edi, ya’ni 55 foiz o‘rinlar vakant edi. Oilaviy shifokor va hamshiralar maoshi ikki barobar oshirilib, ular faoliyatini baholashda KPI yo‘lga qo‘yilgach, vaziyat o‘zgardi. Ilgari oilaviy shifokor 3-3,2 million so‘m maosh olgan bo‘lsa, hozir 7 million so‘mdan ortiq oylik oladi. Ustama va boshqa rag‘batlantirishlar ham qo‘shilsa 22 million so‘mdan oshadi maosh. O‘z ustida ishlaydigan, vazifasini to‘la-to‘kis bajaradigan hamshira ham qo‘shimcha rag‘batlantirishlar bilan 12 million so‘mgacha oylik olishi mumkin. Ana shu e’tibor va imkoniyatlar tufayli tumanimizdagi poliklinikalarga boshqa viloyatlardan 18 nafar, qo‘shni tumanlardan esa 16 nafar shifokor kelib, ish boshladi.
Tizimdagi yana bir yaxshi holat – endilikda oilaviy shifokorni aholining o‘zi tanlaydi. Agar fuqaro o‘z oilaviy shifokori xizmatidan qoniqmasa, boshqa shifokor tanlashi mumkin va bu har uch oyda amalga oshiriladi. Oilaviy shifokor o‘ziga biriktirilganidan ko‘p aholiga xizmat ko‘rsatsa, uning oyligiga qo‘shimcha qo‘shiladi. Aksincha, faoliyatidan norozi bo‘lib, aholi boshqa shifokorga o‘tib ketsa, o‘sha shifokor bilan bitimni bekor qilishimiz mumkin. Shuning uchun hozir oilaviy shifokor o‘ziga biriktirilgan aholi bilan ko‘proq ishlashga, ularning salomatligini doimiy nazorat qilishga intiladi. Shu bilan birga aholining ham oilaviy shifokori oldida ma’lum bir majburiyatlari bor, masalan u bir yilda bir marta profilaktik ko‘rikdan o‘tishi shart. Aholi davlatning kafolatlangan paketidan foydalanish uchun ham oilaviy shifokorining tavsiyasi, xulosasi zarur. Kafolatlangan paket – bu birlamchi tibbiyotda bepul 18 turdagi tahlil, 34 ta tashxislash, 68 xil dori-darmon degani.
Tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mudirining qayd etishicha, birlamchi bo‘g‘in faoliyatining jonlanishi va 7 turdagi skring tekshiruvlarining muntazam o‘tkazilishi natijasida kasalliklarni aniqlash ko‘rsatkichi avvalgi yillarga nisbatan ko‘paygan.
Jumladan, qandli diabetga chalinganlar 1200 nafarga oshgan. Yil boshidan buyon 49 nafar ayolda sut bezi saratoni erta bosqichda aniqlanib, ularni davolash choralari ko‘rilmoqda.
“Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” doirasida Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari xavf guruhidagi 5 mingga yaqin kishini yurak qon-tomir kasalliklari bo‘yicha skriningdan o‘tkazdi. Buning natijasida 1000 nafar bemorda karonografiya amaliyoti bajarildi, 320 nafari operatsiya qilinib, erta o‘limlarning oldi olindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yodamida tumanda ko‘z kasalliklari bo‘yicha 7 xil operatsiya yo‘lga qo‘yildi va buning natijasida 200 nafar bemor sog‘lomlashtirilib, ularni nogironlikdan chiqarish bo‘yicha tavsiya berildi.
Islohotlar natijasida Ishtixondan viloyat va respublika tibbiyot muassasalariga borib, davolanadigan bemorlar ham kamaydi. Masalan, shu yilning aprel-may oylarida o‘rtacha 450-480 nafar ishtixonlik tumandan chetga borib davolangan bo‘lsa, oktyabr oyida bu raqam 124 taga tushdi. Respublika va viloyat tibbiy markazlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti yordamida tumanning o‘zida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Markaziy shifoxonada ilk bor bo‘yrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika markaziy shifoxonaning maslahat-diagnostika bo‘limi sifatida qayta tashkil etildi. Oilaviy poliklinkalardan yo‘llanma (bu ham elektron tarzda yo‘lga qo‘yilgan) asosida kelgan bemorlar shu yerda tor soha mutaxassislari tomonidan tekshirilib, zarur bo‘lsa, shifoxonaning tegishli bo‘limlariga joylashtiriladi. 425 o‘rinli markaziy shifoxonada kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya, ko‘z kasalliklari bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘limlar ochildi. Bu bo‘limlar respublika markazlari va ularning viloyatdagi filiallari bilan hamkorlik ishlaydi, konsorsiumlar o‘tkazib, bemorlarni aniq tashxis asosida davolamoqda.
Yaqinda tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, soha xodimlaridan bir guruhi qatorida Sunnatulla Safarov II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandi.
– Albatta, bu mukofot men uchun bayramga kutilmagan juda katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi Sunnatulla Safarov. – Lekin buni ishtixonlik barcha tibbiyot xodimlarining mehnatiga berilgan yuksak baho, tumanda davlatimiz rahbari boshlagan islohotlarni amalga oshirishdagi fidoyiliklarining e’tirofi sifatida qabul qildik. Yanayam quvonarlisi, davlatimiz rahbarining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi. Mazkur qaror bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga juda katta imtiyozlar berilmoqda, ish haftasi 5 kunlik tizimga o‘tkazilmoqda, tibbiy xizmatdan foydalanish, sanatoriylarda dam olish uchun imkoniyat kengaytirilmoqda. Biz bu e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban zimmamizdagi ulkan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatamiz. Tibbiyotning davlat va xalq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik bo‘lishiga hissa qo‘shamiz.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari