BMT Bosh Assambleyasining 49-sessiyasida ta’sis etilgan Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Orol dengizining qurigan tubida “Aral Sea Eco Marathon 2025” marafoni bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizdan tashqari, Yaponiya, Fransiya, Keniya, Xitoy, Pokiston, Togo, Qozog‘iston, Rossiya va Belarus kabi davlatlardan 50 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Marafon ishtirokchilari 5, 10, 21 va 42 kilometrdan iborat masofalarni bosib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — dunyo jamoatchiligi e’tiborini cho‘llanishdek o‘tkir ekologik muammoga qaratish, Orol dengizining flora va fauna dunyosini asrash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish, buning oldini olish choralarini ko‘rishga undashdan iborat.

Marafon bosh hamkori — “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati, tashabbuskori va tashkilotchisi esa ProRun jamoasi hisoblanadi.
Orol dengizi ekomarafoni — bu bir paytlar ulug‘vor bo‘lgan, hozirda kimsasiz Orol dengizi tubida o‘tkaziladigan o‘ziga xos poyga. Bu shunchaki marafon emas — bu aqliy kuch va jismoniy chidamlilik sinovi.
Marafon ishtirokchilari bepoyon cho‘l landshaftlari orasida chopib, nafaqat murakkab yo‘lni bosib o‘tdilar, balki eng yirik ekologik falokatlardan birining oqibatiga e’tiborni jalb qilish orqali muhim ekologik missiyaning bir qismiga aylandilar.

Marafonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri, besh karra jahon chempioni Yerkinbay Qutibayev ishtirok etib, bu kabi tadbirning jahon hamjamiyati uchun muhimligini, aholiga atrof-muhit muammolariga befarq bo‘lmaslikni va suv resurslaridan oqilona foydalanishni muntazam tushuntirib borish lozimligini ta’kidladi.
O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan marafonda Fransiya, Keniya, Xitoy, Pokiston va Togodan sportchilar ishtirok etgan edi.
Bu yilgi marafonda esa yanada ko‘proq mamlakatlar sportchilari qatnashishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri