Prezident topshirig‘i amalda
Toshkent viloyatida aholi muammolarini o‘rganish, ularga joyida yechim topish maqsadida mutasaddilar tomonidan “mahallabay” tizimi asosida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermoqda.

Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida 16 iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, soliq ma’murchiligini yaxshilash, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Tahlillarga ko‘ra, hudud bo‘yicha joriy yil boshidan 298 ming ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi, 14 mingta kambag‘al oilaga xizmatlar ko‘rsatildi. Jumladan, “Sayxunobod tajribasi” asosida jami 1,1 trillion so‘m miqdoridagi 23,4 ming mikroloyiha amalga oshirildi. Natijada 49 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Tijorat banklar tomonidan kichik va o‘rta biznes, aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Bu bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar oxirgi 5 oylik rejaga nisbatan 129 foizni, o‘tgan yilga nisbatan esa 216 foizni tashkil qildi.

Masalan, imtiyozli kreditlar ajratilishi tufayli Bekobod tumani Bog‘ishamol mahallasidan Umida Altmishova, Ilg‘or mahallasidan Nilufar Abdullayeva hamda Mallaboy mahallasidan Dilbar Xudoynazarova tikuvchilik faoliyatini tashkil etib, oyiga 5,5 – 6,5 million so‘m daromad topmoqda. Bundan tashqari, mas’ullar tomonidan mahallada oilaviy tadbirkorlik ortidan samarali daromad olayotganlar tajribasini ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Olmaliq shahri konchilik va sanoatga ixtisoslashgan hudud bo‘lsa ham mahallalardagi ayrim faol aholi tomorqasidan samarali foydalanishga harakat qilmoqda. Respublika ishchi guruhi va shahar mas’ullari hamkorligida “Hilol” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Jamoliddin Haydarov xonadonida amaliy seminar tashkil etildi. Unga mahallada istiqomat qiluvchi tomorqasidan foydalanmayotgan fuqarolar jalb qilindi.

Jarayonda issiqxonalarda bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri, rediska va ziravor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali misollar asosida tajriba almashildi. Xonadon egasi J.Haydarov ham yer tayyorlash, sifatli sabzavot urug‘larini tanlash, ko‘chatlarga ishlov berish hamda o‘simlik kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Shuningdek, fuqarolarga bank xizmatlari va mavjud imtiyozlar yuzasidan ma’lumotlar ham yetkazildi.
– Hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari ham o‘z natijasini bermoqda, – deydi Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov. – Xususan, Chirchiq shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan Navro‘z, Hamza va Muravvat mahallalaridagi ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash va ularni ishga joylashishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasi ham samarali bo‘ldi. Unda hududdagi 28 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh vakant ish o‘rinlarini aholiga taklif qildi. Ko‘plab fuqarolar ishga joylashish uchun yo‘llanmalar oldi.
Umuman olganda, mamlakatimizda aholini har jihatdan ijtimoiy himoyalash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish va daromad manbaini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni muntazam ravishda amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
A.Musayev, O‘zA