Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududlar ko‘payadi
17:06 / 2025-12-04

Prezident topshirig‘i amalda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar o‘z ahamiyatini yanada oshirdi. 

Shu tufayli Prezidentmiz raisligida 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilangan edi. 

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida “Kambag‘al oilalar reyestri”ni shakllantirish maqsadida bugungi kungacha 116 mingta oila so‘rovnomadan o‘tkazilib, ularning 43 ming 756 tasi kiritildi. Bu toifadagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida individual xizmatlar ko‘rsatildi. Natijada oilalarning 14 ming 871 tasi kambag‘allikdan chiqarildi. Pirovardida 1 noyabr holatiga kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8 foizdan 3,6 foizga qisqardi. 

– Zangiota tumanidagi saylov okrugidan Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga saylangan deputat sifatida o‘zimga biriktirilgan 4 ta oiladan 3 tasi reyestrdan chiqarilgani bu borada viloyatda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samaradorligidan dalolat beradi, – deydi OʻzLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev. – Qolgan 1 ta oilaga ko‘maklashish uchun ham barcha imkoniyatlar yetarli. Bugungi kunda partiya viloyat Kengashidagi 23 nafar va mahalliy Kengashlardagi 210 nafardan ziyod deputatimiz aholi daromadlarini oshirish, boqimondalik kayfiyatini yo‘qotish, tadbirkorlikka undash, kasb-hunar o‘rgatish va ish bilan ta’minlash borasida manzilli yordam ko‘rsatmoqda. 

Joylardagi 100 ta og‘ir mahallaning sug‘orish loyihalari bitkazilishi tufayli 23 ming xonadon tomorqalaridan to‘liq samarali foydalanishga erishildi. Xususan, Piskent tumani G‘ayrat mahallasida yashovchi Shukrullo Mirsoatov tomorqasining 8 sotix yeriga suv yetishmasligi sababli yillar davomida foydalanmagan. Tomorqada bu yil gulkaram ekini ekilib, 3 tonna hosil yig‘ib olindi. Natijada fuqaro 15 million so‘m daromad oldi. Takroriy ekinga sabzi yetishtirdi. 

– Mahallalarning ixtisoslashishi oilalar daromadini oshirishga turtki bo‘lmoqda. Misol uchun, Qibray tumanidagi “Taraqqiy” va “Po‘lat qadam” MFYlarda usta dehqon Abduqodir Muhammedovning tajribasi yaxshi natija berdi. U hududdagi 120 ta xonadon egalarini gulchilikka ixtisoslashtirishga ko‘maklashdi. Hozir 68 ta xonadon egalarining har biri o‘rtacha 4 sotix tomorqa maydonidan 100 million so‘m daromad olishga erishmoqda, – deydi Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldoshov. 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2026 yilda 500 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Rejaga ko‘ra, tumanlardagi ayrim mahallalar “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida tanlab olindi va ularga zamonaviy shaharlar muhiti va yashash sharoitlarini olib kirish choralari ko‘riladi. 

A.Musayev, O‘zA.