Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsiz yoshlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda
12:46 / 2025-03-10

Sirdaryo viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun ochiq muloqot o‘tkazildi.

– 2024 yilda ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha belgilangan reja 5000 nafar bo‘lib, amalda 7060 nafar tinglovchi, shundan 5031 nafari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari yo‘llanmasi asosida, 2029 nafari esa pullik xizmatlar orqali  kasb-hunarga o‘qitish uchun yuborildi,–dedi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nurulla Mamatqulov. – Ular belgilangan dastur asosida Guliston shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida 21 ta, Sardoba tumanidagi "Ishga marhamat" monomarkazida 9 ta, Oqoltin tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazida 7 ta, Sayxunobod tumanida 5 ta, Xovos tumanida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘qitildi.

Markazlarda  kosmetolog, uqalovchi, erkaklar sartaroshi, ayollar sartaroshi, tikuvchi, oshpaz, qandolatchi, zargarlik, yosh bolalar uchun enaga, tarbiyachi yordamchisi, santexnik va chilangarlik ishlari ustasi, elektrik, payvandlash ishlari ustasi, avtoservis xizmat ko‘rsatish, yuk ko‘tarish mashinalari operatori, mebel jihozlarini yasash va ta’mirlash ustasi, baliqchilik, qozonxona ishchisi, kompyuter savodxonligi, kompyuter dizayn dasturlari, arxitektura loyiha dasturlari, buxgalter (o‘rta malakali) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha malakali o‘qituvchilar saboq berishmoqda.

– O‘tgan yili avtoelektrik yo‘nalishi kasbiy ta’lim ustasi Erkin Yarlaqapov Xitoy Xalq Respublikasining Syansi provinsiyasi Nanchan shahrida bo‘lib, o‘z malakasini oshirib keldi,–deydi boshqarma xodimi Ulug‘bek Berdimurodov. – Bu esa, avtoelektrik yo‘nalishi bo‘yicha kasb-hunar o‘rganaman, degan yoshlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochishga yordam berayotgan bo‘lsa, Guliston shahar "Ishga marhamat" monomarkazi tinglovchisi Gulhayo Bo‘riboyeva sartaroshlik san’ati yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasining 4-milliy chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 4 oktyabrdagi "Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, ishsiz va kambag‘al aholini ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitish tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlik huzuridagi Guliston, Sardoba "Ishga marhamat" monomarkazlari va Oqoltin, Sayxunobod va Xovos kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etildi.

Bu esa kasb-hunar turlari hamda xorijiy tillarni o‘rganmoqchi bo‘lgan tinglovchilarga dual ta’lim asosida ta’lim olish imkonini beradi. Joriy yilda 7658 nafar yoshni kasb-hunar turlariga o‘qitish belgilangan.

Xullas, ochiq muloqotda yuqorida keltirilgan masalalar to‘g‘risida so‘z yuritilib, OAV xodimlarining savollariga atroflicha javoblar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri