English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsiz va ehtiyojmand oilalarga yer bo‘lib berilmoqda
15:16 / 2021-06-21

Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov Kogon tumanida bo‘lib, 2-sektor hududida g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ishsiz va ehtiyojmand oilalarga bo‘lib berish jarayonida qatnashdi.

Takroriy ekin ekish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda yer maydonlaridagi agrotexnik tadbirlar bilan tanishdi.

Viloyat prokurori ishtirokida 2-sektorga qarashli «Nurafshon» MFY hududidagi «Feruzabonu Hasan» fermer xo‘jaligida «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan ishsiz va ehtiyojmand oilalarning 16 nafarining har biriga 25 sotixdan yer maydoni ajratib berildi.

– Oilamiz daromadini oshirish uchun «Feruzabonu Hasan» fermer xo‘jaligining bug‘doydan bo‘shagan yerlaridan 0,25 gektar yer ajratib berildi, – deydi Chuqurko‘l qishlog‘ida yashovchi Gulnora Rustamova. – Takroriy ekin ekib, oilamiz bilan parvarishlaymiz. Albatta buning orqasidan daromadlarimizni oshiramiz.

– Ko‘pdan buyon yerim bo‘lishini, u yerda oila a’zolarim bilan mehnat qilib, daromadimni oshirishni kutgandim, – deydi Quyi Cho‘kati qishlog‘ida yashovchi Zilola Jumayeva. – Orzuim amalga oshdi. Takroriy ekin ekishni rejalashtiryapman. Buning uchun menga yerni tayyorlab berishdi. Endigi navbat ekib uni parvarishlash qolmoqda. Hatto yerimizga ekin ekishda ham ko‘maklashish aytildi. Parvarishlashda agronomlar ajratilishi meni yanada quvontirdi.

Tumandagi mutasaddi rahbarlar 2-sektorda joylashgan «Karim Kozimbek» fermer xo‘jaligi dalalarida olib borilayotgan g‘alla o‘rimi va g‘alladan bo‘shagan maydonlarni somondan tozalash, shudgorlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu borada qilinishi zarur bo‘lgan ishlarni muhokama qilib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

 

Zarif Komilov, O‘zA