Farg‘ona viloyatida aholi bandligini ta’minlash, mehnatga layoqatli fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifaga aylangan. Davlatimiz rahbarining 11 avgustda qabul qilingan “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
-Pandemiya davrida xorijda ish beruvchilar bilan videokonferens aloqa orqali muloqot qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, -deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali direktori Otabek Ataboyev. -Shu kunga qadar Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan “Pik-industriya” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari suhbatidan o‘tgan 210 nafar fuqarolar aniq ish haqi va kafolatlangan ijtimoiy himoya asosida ishga jo‘natildi.
Shuningdek, “Rosdorstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan kelishuvlarga ko‘ra 300 nafarga yaqin buldozerchi, kranchi va samosval haydovchilari bo‘yicha vakansiyalarga buyurtmalar berishdi. “Vologodskoye morojennoye” korxonasi 30 nafar, “Vologodskiy podshipnikovыy zavod” 150 nafar fuqarolarimizni yotoqxona bilan ta’minlangan holda kasb-hunarga o‘qitib, keyinchalik ish bilan ta’minlash taklifini bildirgan. Bu kabi amaliy takliflar ko‘p. Ayni kunda Farg‘ona shahridagi monomarkaz binosida vaqtinchalik mehnat migratsiyasiga ketayotgan, rus tilini o‘rganish istagida bo‘lganlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlar Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti test markazi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilib, o‘quv kursini bitirganlarga sertifikatlar beriladi.
bugungi kunda kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
-Farg‘ona sanoat kasb-hunar kolleji negizida ishsiz aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etildi, -deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Homidov. - Bu yerda 16 ta kasb va xorijiy tillarga o‘qitish orqali mahalliy hamda xorijiy ish beruvchilarning talab-lariga mos malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Bundan tashqari, Farg‘ona tumani kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejida 8 ta kasb va xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan “Kasb-hunarga o‘qitish markazi” foydalanishga topshirildi. Bu yerda 500 nafardan ortiq ishsiz fuqarolar kasbga o‘qitish kurslariga jalb etilgan.
Ayniqsa, xotin-qizlarni kasb-hunar egallashiga qulayliklar yaratish maqsadida viloyat hokimining tashabbusi bilan 11 ta hududdagi “Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskani”lariga qo‘shimcha tarzda yana 6 ta joyda “Ishga marhamat” monomarkazlari filiallar tashkil etilib, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kerakli jihozlar yetkazib berildi.
Ayni kunda viloyatdagi 22 ta kasb-hunar maktablari, 7 ta texnikum va 5 ta kollejlar o‘quv bazasida ta’lim jarayoniga xalaqit bermagan holda ishsiz fuqarolar va mehnat migrantlarini qisqa muddatli kasb-hunarga o‘rgatish kurslari tashkil etildi. Bu yil davomida 15 mingga yaqin ishsiz va xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni qisqa muddatli o‘quv kurslariga qamrab olish va kasb egallashlariga ko‘maklashadi. 2021 yilda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi ofisi tomonidan Farg‘ona shahrida “Kasbiy ta’lim markazi tashkil etish” loyihasi amalga oshiriladi.
M. Sulaymonov, O‘zA