Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsiz ayollarga mevali ko‘chatlar tarqatilmoqda
13:28 / 2025-03-24

Andijon tumanida Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda “Agrobank” ATB Andijon filiali hamkorligida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha mahallalarda seminarlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida seminar va ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda. Unda tomorqadan unumli foydalanishni tashkil etish, daromadli ekinlarni ekish, tomorqa xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish, kredit ajratilishi, ko‘chat va urug‘lar olish, yetishtirilgan mahsulotni sotish bo‘yicha aholi vakillariga keng tushuncha va ma’lumotlar berilmoqda, tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

– Maqsadimiz tomorqa yer egalari, aholiga unumli mahsulotlar yetishtirish va daromadini oshirishga ko‘maklashish, – deydi Andijon tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulibarno G‘afurova. – Targ‘ibot ishlarimiz aholining bilim va malakalarini boyitish bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Tumandagi Zavroq mahallasida o‘tkazilgan seminar doirasida bir guruh ishsiz ayollar va ehtiyojmand oilalar vakillariga mevali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatildi. Shuningdek, “Agrobank” ATB tuman filiali xodimlari tomonidan mahalladagi yolg‘iz yashovchi, keksalar xonadonlariga mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA