Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsiz ayollar taqdiri muhokamada: mas’ul idoralar qayerda?
12:28 / 2026-01-26

Jizzax shahrida tashkil etilgan davra suhbati ijtimoiy ahamiyati va amaliy yo‘nalganligi bilan alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining buyurtmasi asosida amalga oshirilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga bag‘ishlandi.

Davra suhbatida chekka hududlarda yashovchi, turli ijtimoiy va maishiy sabablar tufayli mehnat bozoridan chetda qolayotgan ayollar muammosi keng muhokama qilindi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ishsizlik bugun faqat iqtisodiy masala emas, balki jamiyat barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy ijtimoiy muammodir.

Tadqiqot doirasida Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida 520 nafar ishsiz xotin-qiz o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari taqdim etildi. Unda kasbiy ko‘nikmalar yetishmasligi, qayta tayyorlanish imkoniyatlarining cheklangani, yosh yoki nogiron bola, keksa nuroniy, kasalmand qaynona yoki qaynota parvarishi, shuningdek, maishiy yuklamalar ayollarning mehnat bozorida faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sifatida qayd etildi.

Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar muammolarni sanab o‘tish bilan cheklanib qolmadi. Kichik guruhlarda ish olib borilib, ayollar bandligini oshirish, ularning iqtisodiy faolligini kuchaytirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu takliflar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga taqdim etilishi, kelgusida mahalliy hokimiyatlar hamda tegishli idoralar faoliyatida inobatga olinishi kutilmoqda.

Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova tadqiqot mohiyati haqida shunday dedi:

— Biz ushbu tadqiqot orqali ishsiz ayollarning muammosini emas, ularning imkoniyatlarini ko‘rsatishni maqsad qildik. Agar tizimli yondashuv bo‘lsa, uyda o‘tirib qolgan ayol ham mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi mumkin.

Shu bilan birga, tadbir davomida javobsiz qolgan savollar ham bo‘ldi. Xususan, ayollar bandligi va ishsizlikni qisqartirish masalalari muhokama qilingan davra suhbatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Jizzax viloyati boshqarmasidan biror vakil ishtirok etmadi. Garchi loyiha aynan shu vazirlikning davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oshirilgan bo‘lsa-da.

Albatta, ayrim rahbarlar boshqa rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi mumkin. Ammo butun boshli boshqarmada mazkur tadqiqot natijalarini tinglash, tahlil qilish va xulosa chiqarish uchun bir nafar mutaxassis ham topilmagani jamoatchilikda o‘rinli savollar uyg‘otadi. Xuddi shunday holat Ijtimoiy himoya milliy agentligining Jizzax viloyati boshqarmasida ham kuzatildi.

Ayollar bandligi — bu faqat raqamlar yoki hisobotlar masalasi emas. Bu oila farovonligi, farzandlar kelajagi va jamiyat barqarorligi bilan bog‘liq hayotiy masaladir. Shu bois, davra suhbatida bildirilgan fikr va takliflar qog‘ozda qolib ketmasdan, mas’ul idoralar tomonidan aniq amaliy choralar bilan qo‘llab-quvvatlanishi shart.

Chunki ishsiz ayollar taqdiri muhokama qilinayotgan bir paytda bu masalaga befarq munosabatda bo‘lish odamni ajablantiradi.  

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri