French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish jarayonlari yangi bosqichga olib chiqiladi
15:02 / 2022-06-16

Bugun barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, ular uchun munosib bo‘lgan yashash sharoitlarini yaratib berishdir.

Albatta, bu jarayonda kafolatlangan mehnat haqqiga ega bo‘lgan ish o‘rinlari orqali aholi bandligini ta’minlash dolzarb sanaladi.

bugungi zamon talabi — yuqori malakaga ega bo‘lgan kadrlarni yetishtirish bo‘lib qolmoqda. Sababi, yuksak bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan kadrlargina o‘z sohasi rivojini ta’minlashi, mamlakatdagi ishlab chiqarish hamda mehnat bozoriga zamonaviy tajribalarni olib kirish orqali raqobatga dosh berishi mumkin.

Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ishsiz aholini zamon talabi va ehtiyojidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga tayyorlash va o‘qitishga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Xususan, joylarda tashkil etilgan monomarkazlar, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda hududlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda o‘qishlar tashkil etilib, aholimiz o‘zlari qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishmoqda.

Ammo, o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasi shuni ko‘rsatmoqda-ki, bugun tashkil etilgan 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikum kutilgan natija va samara bilan faoliyat ko‘rsatmayapti. Jumladan, ulardagi imkoniyatning atigi 40-50 foizidan foydalanilmoqda. «Ishga marhamat» monomarkazlari bor-yo‘g‘i 10 foiz ishsizlarni qamrab olgan. Bu haqda kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Bunday salbiy holat esa, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir rahbar va mas’ulni o‘ylantirishi darkor. Boisi, birgina 2022 yilning o‘zida jami 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, bu yil 404 ming yoshlar o‘rta ta’limni, 151 ming nafari professional ta’limni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, bandligini ta’minlash – dolzarb vazifa sanaladi.

Yig‘ilishda bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘qitadigan markazlarni zamon talablariga moslashtirish borasida amala oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi. Xususan, aksariyat kollej va texnikumlardagi o‘quv dasturlari zamon talabiga mos emasligi, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmasligi oqibatida, ish beruvchilar xodimlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘layotganligidan kelib chiqqan holda qisqa vaqt ichida xato va kamchiliklarni bartaraf etish belgilandi.

Yoshlarning kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan talabini to‘laqonli ta’minlash maqsadida hududlardagi 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik ta’minlashga mas’ul etib belgilandi va vazirlikda ushbu ishlarga javobgar bo‘lgan alohida vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Har bir viloyat, tuman va shaharda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladigan bo‘ldi. Kengashlar tarkibida hokimlar rahbarligi ostida davlat idoralari, bank, rektorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tuman iqtisodiyotidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va servis korxonalari rahbarlari faoliyat ko‘rsatadi. Ular mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj asosida, monomarkaz va kollejlarda o‘qitiladigan kasblarni belgilaydi, yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga biriktirib, amaliyot o‘tashini tashkil etadi.

Albatta, yetuk kadrlarni tayyorlash jarayonida ushbu markazlarni zamonaviy o‘quv-qurollari bilan ta’minlash bilan birga, yoshlarga ta’lim berib, kasb-hunar o‘rgatayotgan pedagoglarning malakasi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, yig‘ilishda fidoiy o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lgan pedagoglarni munosib rag‘batlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqini oliygohlardagiga pedagoglar oyligiga, Kasbiy ta’lim muassasalarida ishlayotgan o‘qituvchi va ustozlarning oyligini maktab o‘qituvchilarining maoshiga tenglashtirilishi belgilandi.Erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor murabbiylarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etiladi. Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.

Texnikumlarga qabul bir yilda 2 marta tashkil etilib, kasbiy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 35 foizga oshiriladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yangi tashkil etiladigan monomarkazlarda zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘qitish, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston va Yaponiyadan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda aholini kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini ko‘paytirish uchun ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Unga ko‘ra, endi litsenziya olish uchun talablar yengillashtirilib, zarur mablag‘ning minimal miqdori 2 baravarga kamaytiriladi. Bo‘sh binolar uzoq muddatga ijaraga beriladi. Xorijdan keltiriladigan qo‘llanma va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 million so‘mdan to‘lanadi. Ehtiyojmand yoshlar to‘lov-kontrakti mablag‘ining 30 foizi qoplab beriladi.

Xulosa qilib aytganda, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida ijro etilishi, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltiruvchi — sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish kabi ko‘plab sohalarga yetuk kadrlar tayyorlab, yetkazib berish imkonini beradi.


Mavluda Adhamjonova,

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati