Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida fermer xo‘jaliklari va klasterlar ixtiyoridagi yerlardan fuqarolarga 10 yil muddatgacha foydalanish uchun yer ajratish topshirig‘ini bergan edilar.
Ushbu yerni olgan aholi dehqon xo‘jaligi tashkil etishi va yiliga bir necha marta hosil olishi kerak bo‘ladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi va boshqa bir qator idoralar rahbarlari ishtirokida ishchi guruhi tashkil etildi.
Ishchi guruhi klasterlari va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi g‘alladan, paxtadan bo‘shagan maydonlarni aholiga ijaraga berish borasida qaror va nizom loyihasi ishlab chiqdi. Shu asosda “Fermer xo‘jaliklari va klasterlar ixtiyoridagi g‘alladan, paxtadan va yaroqsiz bog‘lardan bo‘shagan yer maydonlarini fuqarolarga 10 yil muddatgacha ijaraga berish borasida dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirildi.
Unga ko‘ra, yurtimizda 450 mingdan ortiq fuqarolarga 77 ming gektardan ortiq yer ajratish rejalashtirildi. Har bir fuqaroga o‘rtacha 17 sotixdan yer to‘g‘ri kelmoqda. Ayni vaqtda viloyat va tumanlar bo‘yicha mahallalar, fuqarolar kesimidagi manzilli ma’lumotlar tayyorlandi.

- Bu yerlarning kontur raqami, gektari aniqlashtirib qo‘yildi, - deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Ilyos Yetkirov. - Shuningdek, dehqon xo‘jaligi tashkil etishga talabgorlar ro‘yxatining elektron bazasi shakllantirildi. Bunda tomorqasidan samarali foydalanayotgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftar”i, “Ayollar daftar”idagi hamda ishsiz fuqarolarning yerga qo‘shimcha ehtiyoji bo‘lgan xonadon egalari kiritildi.
Bu borada Qashqadaryo viloyatida 10,8 ming gektar 44,4 ming fuqaroga, Farg‘onada 8 ming gektar 54 ming fuqaroga, Namanganda
7,9 ming gektar 55 ming fuqaroga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ming gektar 30,7 ming ishsiz fuqarolarga dehqonchilik qilish uchun ajratib beriladi.

Fuqarolarga yer maydonlarini ajratishda ularning yashash manziliga yaqin va suv ta’minoti bilan ta’minlangan hududlar tanlandi. Jumladan, Amudaryo tumanida 2,5 ming nafar fuqaroga 500 gektar, Baliqchida 7 ming fuqaroga 700 gektar, G‘ijduvonda 4,2 ming fuqaroga 420 gektar, Mirzacho‘lda 5 ming fuqaroga 962 gektar fuqarolarga sabzavot, poliz kabi ekinlarni ekish uchun yer ajratilishi belgilandi.
Qayd etish kerakki, ushbu yer maydonidan 10 yil muddatda foydalanish davomida belgilangan ekin turlarini ekib, ish o‘rinlarini yaratgan, ijara harajatlarini o‘z vaqtida qoplagan tamorqachilarga yerdan foydalanish muddatini uzaytirishda ustuvorlik huquqi beriladi. Shuningdek, hokimlarning tegishli qaroriga ko‘ra, ushbu yer maydonlarida yengil konstruksiyali dala shiypon va sug‘orish inshootlarini joylashtirishga ruxsat beriladi. Biroq, turar joy, bino va inshootlar qurish qat’iyan man qilinadi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA